
Joriy mavsumning ikkinchi yarmi “Roma” uchun keyingi yillardagi eng muhim davrga aylandi. “Bo‘rilar” bu gal uzoq kutilgan maqsadlarini amalga oshirib, Yevropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkonini saqlab turibdi.
Bunda Eldor Shomurodovning “Verona”ga qarshi uchrashuvda kiritgan goli muhim ahamiyat kasb etadi. Boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan legionerimiz to‘rtinchi daqiqadayoq to‘p kiritib, jamoasining murakkab va muhim g‘alabasini ta’minladi.
Italiya futbolini tahlil qilib kelayotgan nufuzli manbalar “Roma” va “Verona” uchrashuvi qahramoni bo‘lgan Eldor Shomurodovning o‘yiniga baho berib, uning harakatlarini quyidagicha ta’rifladi.
TuttoMercatoWeb Eldor Shomurodovni 7,5 ballga baholadi:
Artyom Dovbikning o‘rnini egallagan Eldor Shomurodov o‘ziga berilgan imkoniyatdan unumli foydalandi. Uning goli to‘rtinchi daqiqadayoq “Roma”ni oldinga olib chiqdi. Qolgan vaqt mobaynida yana gol urish uchun yetarli imkoniyatga ega bo‘lmadi, lekin bor kuchini jamoadoshlariga yordam berishga qaratdi. Eldor muhim palla – Yevropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun poygada asosiy figuraga aylandi.
La Gazzetta dello Sport – 6,5 ball:
Monstr hujumchi, o‘zbekistonlik legioner mavsumdagi yettinchi golini urdi.
Tuttosport – 6,5 ball:
Shomurodov Sulening pasiga ideal vaqtda tashlandi va gol urdi. Qolgan vaqt dvomida jamoasi uchun to‘pni ushlab turishga harakat qildi.
Corriere dello Sport – 7 ball:
Qaysar, kurashuvchan, yengilmas: o‘zbekistonlik “iblis” hech qachon to‘xtamaydi! Bu gal ilk daqiqalardan oldinga tashlandi va hisobda oldinga chiqib olish imkoniyatini qo‘ldan bermadi. Eldor mavsumdagi yettinchi golini urishni uddaladi.
Vocegiallorossa – 7 ball:
Texnikaga asoslangan gol juda yengil kiritildi, to‘p darvozaga yarim metrdan yo‘llandi. Biroq hamma gap – ana shu nuqtaga yetib kelishda!
Shomurodov bu darajaga yetgunicha hamma qiyinchiliklarga chidadi, borini berdi va Klaudio Raneri buni e’tiborsiz qoldirmadi. Eldor gol urganidan keyin imkoni boricha jamoa uchun o‘ynadi.
Ta’kidlash joizki, joriy mavsum Shomurodov uchun “Roma”ga kelganidan buyon eng samaralisi hisoblanadi. 29 yoshli hujumchi A Seriya, Italiya kubogi va Yevropa ligasida jami 32 marotaba maydonga tushib, yettita gol va uchta golli pas muallifi bo‘ldi.
“Roma” rahbariyati Shomurodovning jamoaga keltirayotgan foydasi va salohiyatini inobatga olib, o‘zbek hujumchisi bilan shartnomani 2027 yilning 30 iyunigacha uzaytirdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar