
O‘zbekiston milliy terma jamoasining yorqin yulduzi Abbosbek Fayzullayevning Yevropaga ko‘chib o‘tishi so‘nggi ikki yil davomida o‘zbek futbolining eng muhim mavzularidan biriga aylandi. Iste’dodli hujumchi 2023 yil avgust oyida "Paxtakor" safidan Moskva shahrining SSKA klubiga o‘tgach, uning nomini nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro maydonda ham ko‘pchilik muhokama qilishni boshladi.
Abbosbekning qisqa muddat ichida "armiyachilar"ning asosiy tarkibida mustahkam o‘rin egallashi Rossiya futbol jamoatchiligi tomonidan ham yuqori baholandi. Shu tariqa u Rossiya Premer-ligasining o‘tgan mavsumdagi eng yorqin kashfiyoti sifatida maxsus sovrin bilan taqdirlandi. Fayzullayev hozirgi paytda Moskva klubining yetakchi o‘yinchilaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Klubdagi muvaffaqiyatlari bilan cheklanib qolmagan Abbosbek O‘zbekiston milliy va yoshlar terma jamoalarida ham bir nechta muhim musobaqalarda maydonga tushdi. Xususan, u yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi va Parijda o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlaridagi tarixiy uchrashuvlarda faol ishtirok etdi. Hozirda O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yildagi jahon chempionati saralash bosqichida g‘alaba qozonishga juda yaqin turibdi va Fayzullayev terma jamoaning asosiy figuralaridan biri sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘lib ulgurgan.
Abbosbekning xalqaro maydondagi yorqin o‘yinlari e’tibordan chetda qolmadi. U 2023 yilda O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi deb tan olindi va 2024 yilda Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi sovriniga munosib ko‘rildi. Bunday sovrinlar, albatta, Yevropaning bir qancha kuchli klublari diqqatini o‘ziga jalb qilmoqda.
Ayni paytda o‘zbek futbolchisiga "Parma", "Monako", "Bavariya" va "Real Sosedad" kabi taniqli klublarning qiziqishi haqida turli manbalarda xabarlar tarqalmoqda. Mavsum yakuniga yaqinlashayotgan hozirgi paytda esa bu muhokamalar yanada qizg‘in tus olmoqda. Xususan, yaqinda uni Ispaniya va Fransiyaning bir qancha klublari kuzatayotgani ma’lum bo‘ldi.
Taniqli insayder Ivan Karpovning ma’lum qilishicha, SSKA rahbariyati Fayzullayev bo‘yicha yaxshi takliflar kelib tushsa, ularni ko‘rib chiqishga tayyor. Ayniqsa, "armiyachilar" Abbosning transferi uchun 12 million yevrodan yuqori bo‘lgan takliflarni qabul qilishga tayyor ekanligi aytilmoqda. Biroq parallel ravishda klub rahbariyati o‘zbek futbolchisi bilan shartnomani yangilash variantlarini ham ko‘rib chiqmoqda. Lekin Abbosbekning o‘zi Yevropa top-chempionatlariga yo‘l olishni xohlamoqda.
Fayzullayevning 2023 yilda SSKAga transferi "Paxtakor" klubiga 500 ming yevro keltirgan edi. Biroq, hozirgi paytda uning transfer bahosi bir necha barobarga o‘sib, Transfermarkt portali tomonidan 8 million yevro deb baholanmoqda. Bu bilan Abbosbek Markaziy Osiyoning eng qimmat futbolchilari orasida 35 million yevro bilan yetakchi bo‘lib turgan "Manchester Siti" himoyachisi Abduqodir Husanovdan keyin ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
Fayzullayev SSKA safiga o‘tgandan beri barcha turnirlarda jami 64 ta o‘yinda maydonga tushib, 8 ta gol va 21 ta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Xalqaro maydonda esa milliy terma jamoamiz tarkibida 25 o‘yinda 8 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Abbosbek Fayzullayevning yaqin kelajakdagi transferi O‘zbekiston futboli tarixidagi eng yirik voqealardan biriga aylanishi kutilmoqda. Butun O‘zbekiston muxlislari iste’dodli futbolchining Yevropaning eng kuchli klublarida o‘z o‘rniga ega bo‘lishini orzu qilib qolmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar