date
views 0

O‘zbekistonlik muxlislar uchun BAA stadionida nechta joy ajratiladi?

O‘zbekistonlik muxlislar uchun BAA stadionida nechta joy ajratiladi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionati saralash bosqichining hal qiluvchi pallasida Birlashgan Arab Amirliklari maydonida muhim uchrashuv o‘tkazadi. Timur Kapadze boshqaruvidagi terma jamoamiz 5 iyun kuni BAAning Abu-Dabi shahridagi «Al Nahayyon» stadionida mezbonlarga qarshi bahs yuritadi. Ushbu o‘yin natijasi milliy termamizning Jahon chempionatiga muddatidan avval yo‘llanmani qo‘lga kiritishi uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Ushbu o‘yin oldidan o‘zbekistonlik muxlislarning qiziqishi va safarga tayyorgarliklari yuqori bo‘lib, ular jamoamizni BAAga borib stadiondan turib qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirmoqdalar. Ammo bu istakni amalga oshirish uchun eng katta muammo – stadiondagi o‘rinlar va chiptalar masalasi bo‘lib qolmoqda. Chunki hozircha mazkur bahs uchun chiptalar sotuvga chiqarilmagan.

OFKning rasmiy reglamentiga ko‘ra, mezbon davlat (bu yerda BAA futbol assotsiatsiyasi nazarda tutilmoqda) va tashkilotchilar har bir mehmon jamoa uchun stadion sig‘imining kamida 8 foizini ajratishi shart. Bu qoida bo‘yicha chiptalar sotuvi va u bilan bog‘liq jarayonlar uchrashuvdan kamida 14 kun oldin aniqlanib, mehmon jamoaga ma’lum qilinishi kerak. Shuningdek, mehmon jamoa o‘ziga ajratilgan barcha chiptalar uchun, ular sotilgan yoki sotilmaganidan qat’i nazar, javobgar hisoblanadi.

«Al Nahayyon» stadionining umumiy sig‘imi 15 ming tomoshabinga mo‘ljallanganini inobatga oladigan bo‘lsak, o‘zbekistonlik muxlislarga mazkur stadiondan taxminan 1200 o‘rin ajratilishi kutilmoqda. Bu esa jamoamizning xorijiy maydonda o‘ynashidan qat’i nazar, katta muxlislar qo‘llab-quvvatlashiga ega bo‘lish imkoniyati demakdir.

Mazkur tarixiy bahs 5 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00da boshlanadi. Ayni kunlarda terma jamoamizning muxlislari BAAga safarga chiqish va chiptalarni xarid qilish bo‘yicha aniq ma’lumotlarni kutishmoqda.

Milliy termamizning Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga butun mamlakat ishonmoqda va o‘zbekistonlik muxlislar ana shu muhim o‘yinda jamoani yolg‘iz qoldirmaslikka tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekistonlik muxlislar uchun BAA stadionida nechta joy ajratiladi?