
Rossiya Premer-ligasi 26-turidagi eng murosasiz va tomoshabop uchrashuvlardan biri Moskva derbisi — «Spartak» va SSKA jamoalari o‘rtasida kechdi. Qizg‘in va shiddatli o‘yinda mehmonlar – «armiyachilar» 2:1 hisobida zafar qozonib, raqibidan musobaqa jadvalida yuqoriga chiqib, uchinchi pog‘onaga joylashdi.
Uchrashuvni asosiy tarkibda boshlagan va 72 daqiqa davomida faol harakat qilgan o‘zbekistonlik iqtidor egasi Abbosbek Fayzullayev bahsdan keyin jurnalistlar savollariga atroflicha javob berdi.
Derbidagi keskinlik haqida
— «Spartak» bilan bellashuv Rossiyadagi eng ko‘zga ko‘ringan derbilardan biri. Shunday o‘yinlarda ko‘plab follar va sariq kartochkalar bo‘lishi tabiiy holat. Ba’zida ko‘proq fol qilgan tomon g‘alaba qozonishi mumkin, deb o‘ylayman.
Bugungi bahsdagi penalti vaziyatlarini kiyim almashtirish xonasida qayta ko‘rib chiqdik. Ikkinchi vaziyatda raqib jamoa hujumchisi bizning o‘yinchiga nisbatan qo‘lini ishlatib turtib yuborgani uchun, jamoadoshimizda to‘pdan qochish imkoni qolmagandi. Nega hakamlar buni penalti sifatida baholaganini tushunmadim, lekin eng asosiysi, oxir-oqibat g‘alabaga erishdik.
Jamoliddin Abdulqodirovning debyuti haqida
— Albatta, biz jamoadoshimiz Jamoliddin Abdulqodirovni asosiy tarkibdagi ilk uchrashuvi bilan tabriklab, unga dalda berdik. Bunday muhim derbida professional debyut qilish oson ish emas, ammo u o‘z vazifasini qoyilmaqom bajardi. Umid qilamanki, uning oldidagi kelajagi ham yorqin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 2005 yilda tavallud topgan Jamoliddin Abdulqodirov «Spartak» bilan o‘yinda SSKAning asosiy tarkibida ilk bor maydonga tushgan edi.
Yangi o‘yin uslubiga ko‘nikish haqida
— Bosh murabbiy Marko Nikolich jamoamizda yangi taktik sxema va uslubni tatbiq qilmoqda. Shu bilan birga, u menga ham yangi pozitsiya topshirdi. Bu men uchun yangi vazifa va shu sababli avvalgi o‘yinlardagi yorqin harakatlarim hozir ko‘rinmayotgan bo‘lishi mumkin. Biroq men bor kuchim bilan ishlashda davom etyapman va tez orada bu uslubga ham to‘liq moslashib ketaman, degan umiddaman.
Miralem Pyanichning jamoadagi o‘rni haqida
— Pyanich biz uchun maydon ichida ham, tashqarisida ham muhim o‘yinchi hisoblanadi. Uning katta tajribasi, doimiy ravishda biz bilan maslahatlashib turishi va qo‘llab-quvvatlashi jamoaga katta kuch beradi. Maydonda ham u o‘zining yuqori saviyasini namoyish etmoqda.
SSKAdan ketishi haqidagi xabarlarga munosabati
— Hozircha men uchun klubdan ketish haqidagi xabarlarga javob berish muhim emas. E’tiborim to‘liq chempionatning qolgan 4 ta uchrashuviga qaratilib turibdi. Shuningdek, SSKA bilan Rossiya kubogini yutib olish va O‘zbekiston terma jamoasi bilan birgalikda jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishga intilyapman. Hozir butun o‘y-xayolim va e’tiborim ana shu maqsadlarga qaratilib turibdi.
«Spartak» ustidan qozonilgan g‘alaba haqida
— Stadionga kelib bizni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimizga va televizor qarshisida bizni tomosha qilgan barcha ishqibozlarga minnatdorchilik bildiraman. Ushbu muhim g‘alabani aynan ularga bag‘ishlaymiz. O‘yin biz uchun juda og‘ir kechdi, lekin bunday ahamiyatli uchrashuvda g‘alaba qozonish ikki hissa yoqimli bo‘ldi.
Uchrashuv boshidanoq har ikki jamoa ham o‘yin qiyin bo‘lishini bilardi. Har bir metr maydon uchun qattiq kurash olib bordik. Bunday keskin bellashuvda yutuqqa erishganimizdan juda mamnunmiz. Bundan tashqari, aynan «Spartak»ni ortda qoldirib, musobaqa jadvalida yuqori o‘ringa ko‘tarilishimiz bizga qo‘shimcha kuch berdi. Endi oldimizda qolgan barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonib, o‘z maqsadlarimizga erishishni istaymiz, — deya so‘zlarini yakunladi Abbosbek Fayzullayev. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar