date
views 3 012

«Real»da katta o‘zgarishlar boshlanmoqda: 4 futbolchi klubni tark etishi mumkin

«Real»da katta o‘zgarishlar boshlanmoqda: 4 futbolchi klubni tark etishi mumkin
Ispaniyaning grand klubi hisoblangan Madridning «Real» jamoasida yozgi transferlar oynasi oldidan jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘lishi kutilmoqda. Jamoa rahbariyati bir nechta yulduz futbolchilarni transfer qilishni rejalashtirayotgan bir paytda, ayrim futbolchilarni sotish orqali tarkibni qayta shakllantirishga kirishmoqchi.

Madridliklar klubida hozirda 4 futbolchi – Rodrigo Goes, Orelen Tchuameni, Arda Gyuler hamda Ferlan Mendining kelajagi so‘roq ostida turibdi.

Rodrigo Goes:
Mutaxassislarning fikricha, braziliyalik iqtidor egasi hozircha o‘zining barqaror o‘yinini namoyish eta olmayapti. Garchi Rodrigo ayrim uchrashuvlarda o‘zining yorqin va ajoyib mahoratini ko‘rsatsa-da, bu madridliklarning talab darajasiga to‘la mos kelmayapti. Shuning uchun klub rahbariyati Rodrigodan tushadigan transfer mablag‘lari jamoa uchun yanada foydali bo‘ladi deb hisoblamoqda.

Orelen Tchuameni:
Fransiyalik yarim himoyachi ham «Real»da o‘zining to‘liq imkoniyatlarini ochib bera olmadi. Uning maydondagi vazifalarini Kamavinga va Valverde kabi yarim himoyachilar yuqori saviyada bajarib turibdi. Bu esa Tchuameniga asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotish xavfini keltirib chiqardi. Bu sababdan «qirollik klubi» fransiyalik futbolchi transferidan ham moliyaviy foyda ko‘rishni rejalashtirmoqda.

Arda Gyuler:
Iste’dodli turkiyalik futbolchi Arda Gyuler Madridga kelganidan buyon o‘z iqtidorini to‘la-to‘kis ko‘rsatish uchun yetarli imkoniyatlarga ega bo‘la olmadi. Yuqori raqobatli tarkibda o‘z o‘rnini topish uchun kurash olib borgan Gyulerning klubda qolishi har ikki tomon uchun ham foydali emas degan xulosaga kelindi. Madrid rahbariyati Arda Gyulerga boshqa klublarda o‘z mahoratini yaxshiroq ko‘rsatishiga ishonch bildirmoqda.

Ferlan Mendi:
Mendining «Real» bilan tuzgan amaldagi shartnomasi o‘z nihoyasiga yetib qoldi. Fransiyalik himoyachi yangi shartnomada maoshining oshirilishini talab qilgan. Ammo «Real» rahbariyati himoyachining bu talabini qabul qilishdan ko‘ra, uni sotib yubormoqchi va uning transferidan tushadigan mablag‘ni yangi futbolchilar olishga sarflamoqchi.

Shunday qilib, klub prezidenti Florentino Peres ushbu to‘rt o‘yinchining transferlaridan keladigan katta pul mablag‘larini yangi yulduzlarni jamoaga jalb qilish va «Real»ni yanada yuqori darajaga olib chiqish uchun ishlatishni ko‘zlamoqda.

Bu transferlarning amalga oshishi madridliklarning yangi mavsumdagi maqsadlari va rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ushbu o‘zgarishlar «qirollik klubi» muxlislarini ham qiziqtirib qo‘ygan. Katta o‘zgarishlar qanday natija berishi esa mavsum boshida ma’lum bo‘ladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Real»da katta o‘zgarishlar boshlanmoqda: 4 futbolchi klubni tark etishi mumkin