
Joriy mavsumning birinchi qismida chuqur inqirozga yuz tutgan «Roma» klubini murabbiy Klaudio Raneri yana bir bor qutqarib qoldi. Qadrdon jamoasi uchun faoliyatini qayta tiklagan 73 yoshli italiyalik mutaxassis qisqa muddat ichida «bo‘rilar»ni Yevropa maydonlarida o‘tadigan musobaqalarga yo‘llanma uchun kurasha oladigan darajaga olib chiqdi.
Hech qanday yirik transferlarsiz va jahon yulduzlarisiz ham kuchli jamoa shakllantirish mumkinligini namoyish qilgan Raneri, shu bilan oldingi murabbiylar Joze Mourino, Daniele De Rossi va Ivan Yurichlarning natijalarini sezilarli darajada yaxshiladi.
Shu bilan birga, mavsum yakuni qanday natija bilan tugashidan qat’i nazar, Raneri bosh murabbiylik lavozimini topshiradi. U klub rahbariyatiga maslahatchi sifatida o‘z faoliyatini davom ettiradi. Ayni paytda esa «Roma» mutasaddilari yangi bosh murabbiy masalasini ko‘rib chiqishyapti va buning uchun munosib nomzod qidirilmoqda.
Biroq kim bosh murabbiy bo‘lishidan qat’i nazar, klub rahbariyati yangi murabbiy uchun qolishi kafolatlangan futbolchilar ro‘yxatini tuzib qo‘ydi. Corriere dello Sport nashrining yozishicha, «Roma» rahbariyati tomonidan darvozabon Mile Svilar, himoyachilardan Anjelino, Evan Ndika, Janluka Manchini, yarim himoyachilar Leandro Paredes va Stefan El-Shaaravi, shuningdek, hujumchi Paulo Dibala va Matias Sulening klubda qolishi kafolatlangan.
Biroq «Roma» ishqibozlari va futbol ekspertlarini hayratga solgan holat ham mavjud. Klub sardori Lorenso Pellegrini, katta pul evaziga transfer qilingan to‘purar Artyom Dovbik va keyingi paytda jamoaning eng muhim futbolchilaridan biriga aylangan o‘zbek legioneri Eldor Shomurodov bu ro‘yxatda joy olmagan.
Shu bilan birga klub mutasaddilari Artyom Dovbik va Eldor Shomurodov juda yaxshi takliflar kelib tushgandagina boshqa jamoalarga transfer qilinishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Joriy mavsum Eldor Shomurodov uchun Italiyadagi eng muvaffaqiyatli mavsumlardan biri bo‘lmoqda. 2021 yildan beri «Roma» sharafini himoya qilib kelayotgan o‘zbekistonlik hujumchi, A Seriya, Italiya kubogi va Yevropa ligasi doirasida jami 33 uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol urdi va 4 bor sheriklariga golli pas berdi. Agar u qolgan uchrashuvlarda yana bitta gol ursa, Italiyadagi faoliyatidagi shaxsiy rekordini takrorlaydi.
Eslatib o‘tish kerakki, Eldor 2020-2021 yilgi debyut mavsumida «Jenoa» safida 8 ta gol urgan edi va shu natija uning hozircha eng yaxshi ko‘rsatkichi hisoblanadi.
Joriy mavsum davomida Shomurodov ikki marta boshqa klublarga transfer bo‘lishga yaqin keldi. Yozgi transfer oynasi yopilishidan avval AQSHning «Atlanta Yunayted» klubi uni transfer qilishga ulgurmay qoldi. Yanvar oyida esa «Venetsiya» jamoasi Eldorni o‘z tarkibiga qo‘shib olish arafasida turganida, Raneri uning Rimda qolishini istadi. Bu qarorning to‘g‘ri ekani ham o‘z tasdig‘ini topdi — Eldor chempionatning hal qiluvchi paytida «Roma»ga juda katta foyda keltirmoqda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisining so‘nggi paytlardagi yorqin o‘yini va natijalardagi o‘sishi sababli «Roma» rahbariyati Eldor Shomurodov bilan shartnomani uzaytirishga qaror qildi. Yaqinda imzolangan yangi kelishuvga ko‘ra, o‘zbek legioneri 2027 yilning 30 iyunigacha rimliklar sharafini himoya qiladigan bo‘ldi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar