date
views 70

“Surxon” murabbiyi “Dinamo”ga qarshi mag‘lubiyat, rotatsiya va hujumdagi muammolar haqida ochiq gapirdi

“Surxon” murabbiyi “Dinamo”ga qarshi mag‘lubiyat, rotatsiya va hujumdagi muammolar haqida ochiq gapirdi
O‘zbekiston Kubogining 2-turidan o‘rin olgan “Surxon” – “Dinamo” (0:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar murabbiyi Fevzi Davletov matbuot anjumanida ishtirok etib, jamoa o‘yini, himoya xatti-harakati va keyingi rejalar haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

“Goldan so‘ng o‘yinni qo‘limizga oldik, ammo…”
“Birinchi bo‘limda himoyada pozitsion xatolarga yo‘l qo‘ydik va ana shunday vaziyatlarning birida gol o‘tkazib yubordik. Ammo goldan so‘ng jamoa o‘zini qo‘lga oldi va tashabbusni qo‘lga kiritdi. Har galgidek – muammo realizatsiyada. Imkoniyatlar yetarlicha bo‘ldi, afsuski, darvozaga aniq zarbalar yetmay qoldi.”

Himoyada muammo – o‘zgarish nega yo‘q?
“Surxon”ning ketma-ket uchrashuvlarda himoyada yo‘l qo‘ygan kamchiliklari jurnalistlar tomonidan tilga olindi. Mutaxassis esa buni shunday izohladi:

“Bizda rotatsiya bor. Ikki haftada beshta uchrashuv o‘tkazdik. Bu muammolar markaziy himoyachilarning o‘zaro tushunmovchiligi sabab kelib chiqdi. Shuningdek, Nemathonovning kutilmaganda tarkibdan chiqib ketishi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.”

Hujumda so‘nggi zarba muammosi bormi?
“Albatta. Biz bu yo‘nalishda ishlayapmiz. Lekin bunday holatlarda ko‘p narsa futbolchining shaxsiy mahoratiga ham bog‘liq bo‘ladi.”

Yangi hujumchi olinadimi?
“Kelajak haqida o‘ylashga hozircha erta. Hozirgi barcha e’tibor “Paxtakor”ga qaratilgan. Yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar bor, lekin hozir ularni izohlash foyda bermaydi. Oldimizda “Lochin”ga qarshi hal qiluvchi bahs turibdi – biz faqat g‘alaba haqida o‘ylashimiz kerak.”

“Rotatsiya 'Paxtakor' o‘yinini inobatga olgan holda amalga oshirildi”
“Mash’al”ga qarshi o‘yinda juda ko‘p kuch yo‘qotdik. “Dinamo” esa so‘nggi o‘yinini o‘tkazmadi. Shu sababli ayrim futbolchilarni dam oldirdik. Rotatsiya qilishimiz aniq edi. Afsuski, yo‘l qo‘ygan ikkita xatomiz o‘yin natijasini belgilab berdi,” – dedi Davletov.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Surxon” murabbiyi “Dinamo”ga qarshi mag‘lubiyat, rotatsiya va hujumdagi muammolar haqida ochiq gapirdi