
Superliganing 8-turidan o‘rin olgan «Xorazm» – «Nasaf» uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Hakim Fuzaylov matbuot anjumanida o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Murabbiy o‘z so‘zida bugungi bellashuv amaldagi chempion «Nasaf»ga qarshi bo‘lgani sababli, jamoasi uchun og‘ir kechganini alohida qayd etib o‘tdi:
– Birinchi navbatda shuni ta’kidlashni istardimki, bugun biz kuchli va yaxshi shakllangan jamoaga qarshi maydonga tushdik. «Nasaf» bilan bo‘ladigan bahs oson bo‘lmasligini avvaldan bilardik. Futbolchilarimga raqibga qarshi oxirigacha kurashgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Albatta, o‘yin jarayonida ba’zi xatolarga yo‘l qo‘ydik, sababi «Nasaf» kabi raqibga qarshi maydonga tushsangiz, u yerda xatolar yuzaga chiqmasligi mumkin emas.
Shunga qaramasdan, qayd etilgan durang natijadan xursandmiz. Buning uchun shogirdlarimga alohida rahmat aytaman. Uchrashuvning o‘zi va yakuniy natijasi meni qoniqtirdi. Bu bahsda g‘alaba qozonishimiz ham, mag‘lub bo‘lishimiz ham mumkin edi. Lekin yakunda 1:1 hisobi qayd etildi. Og‘ir bellashuv sabab futbolchilarimizda charchoq ko‘rindi. Lekin buni jiddiy muammo deb o‘ylamayman. Endi futbolchilarimiz dam olib, navbatdagi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaymiz, – dedi Hakim Fuzaylov.
Murabbiy shuningdek, jamoaning keyingi o‘yinlarga jismoniy holati haqidagi savolga ham javob berib o‘tdi:
– Keyingi bahsimizni 11 may kuni safarda «Navbahor»ga qarshi o‘tkazamiz. Bu uchrashuvgacha 9 kunlik vaqt borligini inobatga olsak, o‘ylaymanki, jamoamizda yetarli darajada dam olish va keyingi o‘yinga tayyorlanish imkoniyati bo‘ladi. Bizning asosiy vazifamiz – futbolchilarimizning kuchini tezroq tiklab olish.
Shundan so‘ng mashg‘ulotlarga jiddiy kirishib, o‘yinimizni yanada yaxshilash ustida ishlaymiz. Umuman olganda, jamoamizning jismoniy holati yomon emas, biroq ba’zi o‘yinlar juda qisqa vaqt oralig‘ida bo‘lib o‘tgani sababli charchoq sezilgan bo‘lishi mumkin. O‘ylaymanki, yaqin vaqtda bu charchoq ham ortda qoladi va jamoa yana optimal holatiga qaytadi, – deya yakunladi murabbiy.
XorazmNasafSuperligaHakim FuzaylovO‘zbekiston futboliJamoa holati O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar