
"Neftchi" bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko Superliga 8-tur doirasidagi "So‘g‘diyona" (2:1)ga qarshi o‘yindan so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etdi.
O‘yin haqida
— O‘yinni juda ehtiyotkor boshladik, yigitlarim xuddi raqibning xatosini kutayotgandek edilar. O‘zimizning xatomizdan so‘ng gol o‘tkazib yubordik. Shundan keyingina o‘zimiz xohlagan o‘yinni ko‘rsatishni boshladik. Yigitlarimni tabriklayman. Shunday o‘yinlar orqali jamoa shakllanadi.
Chempionat qiyin o‘tadi, kechagi o‘yinlar ham bunga misol. Superliga o‘z darajasini ko‘tarib qo‘ydi, hozirda uch ochko yo‘qotishi kutiladigan jamoaning o‘zi yo‘q. Hamma kurashadi, chempionat esa shunisi bilan qiziqarli bo‘ladi.
— "So‘g‘diyona" 2015 yildan buyon Farg‘onada mag‘lub bo‘lmayotgandi. Bugun ushbu noxush statistikaga barham berildi. Shu haqda nima deysiz?
— "So‘g‘diyona" to‘p nazorati bilan o‘ynashga intiladigan juda sifatli jamoa. Ushbu jamoaning o‘z ijrochilari bor. G‘alaba qozonganimiz ikki karra yoqimli. "So‘g‘diyona"ga qarshi o‘ylangan rejalarimiz bor edi. Shunday qiyin o‘yinda yutganimizdan xursandmiz. An’anaga kelsak, u bir kun buzilardi.
— "Neftchi" ikkinchi bo‘limda mudofaada yaxshi o‘ynadi. Bu rejangizning bir qismi edimi yoki o‘yin borishi sabab ro‘y berdimi?
— "So‘g‘diyona"da juda tezkor o‘yinchilar bor, agar biz hudud berib qo‘yganimizda, bizda katta muammolar kuzatilishi mumkin edi. Rejamizga birinchi taymdan tayangandik. Kubokdagi og‘ir o‘yindan so‘ng jismoniy holatimiz yetganidan mamnunman. Shuningdek bizda sog‘lik bilan bog‘liq muammo ham bor. Legionerlarimiz kasal bo‘layotgani sabab ular orqali o‘yinni kuchaytira olmayapmiz. Shunday narsa bor. Ammo, jamoada xarakter bor va bugun uni ko‘rdik. Asosiysi ular intizom, o‘zlarini berish va katta bosim ostida sabr qilish va natijaga erishishni ko‘rsata olishdi. To‘pga kam egalik qilganimiz hech narsani anglatmaydi, biz qarshi hujumlar uyushtirdik.
— Sizdan oldin bu yerda Boshkovich shou ko‘rsatdi. U italyan futboliga tayyor emasdi va "Neftchi"ning ikkita hujumdan ikkita gol urganini aytdi.
— Zoran Marushichda ham yaxshi vaziyat bo‘lgandi. Raqib sifatlarga ega, ular bilan ochiq o‘ynab bo‘lmasdi. Biz "Paxtakor" bilan ochiq o‘ynadik va darvozamizga gollar urildi. Shu sabab har bir raqibni o‘rganamiz va undan kelib chiqishga harakat qilamiz. Qaysi taktika yaxshiligini muhokama qilib o‘tirmayman, maydondagi vaziyatni aks ettiruvchi tablo bor. Bu mutaxassislarga yo‘llanadigan savol, murabbiy sifatida bizga yaxshi o‘yin va natija kerak.
— Boshkovich Turkiyadagi yig‘inda ham "Neftchi" haqida gapirar ekan, har mavsum 10-15 o‘yinchini o‘zgartirib chempion bo‘lish mumkinmasligini aytgandi. Bunga nima deysiz?
— Ha, to‘g‘ri. Muntazam tarkib va ikki uch nafar futbolchi qo‘shish kerak bo‘lgan asos kerak. Har mavsumda ko‘plab o‘yinchilar o‘zgargani sabab murabbiyga ham qiyin, doimiy futbolchilar bo‘lsa ular falsafangizni tushunishadi va nima qilishni bilishadi. Yig‘inlarda esa natija muhim emas, chempionatda xato qilsangiz, sizga gollar urishadi va jamoa ochkolardan ayriladi. Hozirda har turda yaxshilanyapmiz. Bizga vazifa qo‘yilgan va umid qilamanki, sovrinli o‘rinlar uchun kurashamiz.
— Boshkovich boya raqibga o‘xshab yutgandan ko‘ra bugungidek mag‘lubiyatga uchrashni afzal ko‘rishini aytdi...
— Bunga izoh bermayman. Emotsiyalar sabab ko‘p gaplar aytiladi. Hurmatni saqlab qolish kerak, shu sabab bunga izoh bermayman. Futbol shunisi bilan qiziq, turli xil taktikalar, kimgadir yoqadi yoki yoqmaydi. Futboldagi asosiysi natija. Chiroyli o‘ynash yoki o‘ynamaslik ikkinchi masala. Natija esda qoladi.
NeftchiSo‘g‘diyonaVitaliy LevchenkoSuperligaO‘yin HaqidaChempionat QiyinJamoa ShakllanadiO‘yindagi Reja O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar