date
views 83

Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik eshkak eshuvchilar ilk kundanoq medallar bilan boshladi

Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik eshkak eshuvchilar ilk kundanoq medallar bilan boshladi
Xitoyning Nanchang shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha navbatdagi Osiyo chempionati start oldi. Qit’aning 20 mamlakatidan kelgan 200 nafardan ortiq sportchi ushbu nufuzli musobaqada o‘z mahoratlarini namoyish qilmoqda.

Chempionatda O‘zbekiston sharafini 16 nafar sportchidan iborat milliy terma jamoamiz himoya qilmoqda. Ular turli yo‘nalishlarda va masofalarda o‘z kuchlarini sinovdan o‘tkazishyapti.

Musobaqaning dastlabki kunidayoq o‘zbekistonlik eshkak eshuvchilar yuqori natijalarni qayd etib, bir nechta medallarni qo‘lga kiritishga erishdi.

Jumladan, C-2 yo‘nalishida 1000 metr masofaga o‘tkazilgan musobaqada o‘zbekistonlik Muhammadali Mirismanov hamda Diyorbek Mamatqulovdan iborat ekipaj ajoyib natija ko‘rsatib, kumush medal sohibiga aylandi.

Shuningdek, 500 metrlik bahslarda Kanoliddin Rahmatullayev va Azimjon Sotiboldiyev juftligi o‘z jadal harakatlari bilan uchinchi o‘rinni egallab, bronza medalini jamoa hisobimizga taqdim etdi.

K-1 yo‘nalishida ham yurtdoshimiz Aleksandr Zarubin 1000 metrlik masofadagi poygada kuchli raqobatga qaramay, uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, O‘zbekistonning medallar hisobini yana bir bronza bilan boyitdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, chempionat davomida sportchilar K-1, K-2, K-4, C-1, C-2 va aralash yo‘nalishlarda, 200, 500 hamda 1000 metrlik masofalarda qit’a chempionligi uchun keskin va qiziqarli bahslar olib borishadi.

Terma jamoamiz sportchilari musobaqaning qolgan kunlarida ham yaxshi natijalar qayd etib, yurtimizning xalqaro sport maydonidagi obro‘sini yanada ko‘tarishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik eshkak eshuvchilar ilk kundanoq medallar bilan boshladi