date
views 99

Asror Aliqulov: «Jamoamizda ishonch yetishmayapti, lekin raqiblardan qo‘rqmayapmiz»

Asror Aliqulov: «Jamoamizda ishonch yetishmayapti, lekin raqiblardan qo‘rqmayapmiz»
O‘zbekiston Superligasi 9-turi doirasida bo‘lib o‘tgan «Mash’al» – «Qizilqum» (2:2) bahsidan keyin mezbonlar ustozi Asror Aliqulov o‘yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga atroflicha javob berdi.

— Uchrashuv haqida fikringiz?
— Bugungi bellashuvga juda yaxshi kirishib oldik. «Qizilqum» jamoasining o‘yin uslubi va tarkibidagi bo‘ydor futbolchilar borligini oldindan tahlil qilgandik. Ular bilan o‘z jamoamizning imkoniyatlarini solishtirib chiqdik. Ilk daqiqalarda yaxshi o‘ynab, gol kiritishga ham erishdik. Biroq ikkinchi taym boshida diqqatsizliklarga yo‘l qo‘ydik. Himoya chizig‘imizdagi jiddiy xatolar natijasida gol o‘tkazib yubordik. Oxirigacha taslim bo‘lmay o‘ynadik va hisobni tenglashtirdik. Menimcha, bugungi durang ham yomon natija emas.

— Siz avval «Qizilqum» jamoasida ham faoliyat yuritgansiz. Bu raqibni o‘rganishingizda qiyinchilik tug‘dirmadimi?
— Bu haqida o‘ylamadim. «Qizilqum»ning hozirgi tarkibi kuchli va men bilgan paytdan ancha o‘zgargan. Umuman olganda, raqib jismoniy jihatdan va yakkakurashlarda ko‘proq ustunlik qildi.

— Bugun Murtozayev va Mashovich ikkitadan gol urdi. Sizningcha, ulardan qaysi biri kuchliroq?
— Albatta, o‘z futbolchimni kuchli deb bilaman (kuladi). Mashovich jismonan baquvvat, maydonda faol va agressiv harakat qiladi. Oxirgi o‘yinlarda yaxshi formaga kirib qoldi va samarali harakat qilmoqda.

— Jamoangiz 9 o‘yinda 6 ta gol urdi. Bu sizga kamlik qilmayaptimi?
— To‘g‘ri, ko‘p gol o‘tkazib yuborayotganimiz ham bor. Biroq gol urishimiz ko‘payishi kerakligini tan olaman. Hozir kiyinish xonasida ham bu haqida gapirdim. Zich va tartibli o‘yin hozirgi Superliganing asosiy talablaridan biri.

— «Mash’al» Pro-ligadan ko‘tarilib, Superligaga to‘liq moslashib ketdimi?
— Ayrim omadsiz uchrashuvlarimiz bo‘ldi. Lekin raqiblardan qo‘rqib maydonga tushmayapmiz. Bizga biroz ishonch yetishmayapti. Chunki ayrim futbolchilarimiz bu yil birinchi marta Superligada o‘ynashmoqda.

— Futbolchilarning jismoniy ko‘rsatkichlari qay tarzda nazorat qilinadi? Bir o‘yinda qancha masofa bosib o‘tishayapti?
— Bu narsa doimiy nazoratimizda. Bizda eng ko‘p masofa bosgan futbolchining natijasi 12 kilometr bo‘lgan. Lekin afsuski, bunday ko‘rsatkichga ega bo‘lgan futbolchilarimiz juda kam. Ayrim o‘yinchilarning yoshi va boshqa omillarni ham hisobga olish kerak. Eng ko‘p yugurayotgan futbolchimiz Javohir Abdualimov bugun oilaviy sabablarga ko‘ra o‘yin qaydnomasiga kiritilmadi.

— «Mash’al»ning uy uchrashuvlari G‘uzorda o‘tkazilyapti. Keyingi o‘yinlar ham shu yerda davom etadimi?
— Bu masalani klub rahbariyati hal qiladi. Olmaliqda emas, G‘uzorda o‘ynash biz uchun qulayroq ekanini aytmoqchiman. Bu masalada klub rahbariyati hamda «Sho‘rtan» klubiga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ular bizga o‘yinlarni bu yerda o‘tkazish uchun sharoit yaratib berishmoqda. Lekin keyingi o‘yinlarning qayerda o‘tishi haqida aniq ma’lumot bera olmayman. Bu klub rahbariyatining qarorlariga bog‘liq.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Asror Aliqulov: «Jamoamizda ishonch yetishmayapti, lekin raqiblardan qo‘rqmayapmiz»