date
views 232

"Roma" yoki "Atalanta"? Shomurodov shogirdi bo‘lgan Raneri chempionlar ligasi eshigini ochishi mumkin

"Roma" yoki "Atalanta"? Shomurodov shogirdi bo‘lgan Raneri chempionlar ligasi eshigini ochishi mumkin
A Seriyaning 36-turidan o‘rin olgan markaziy to‘qnashuv — “Atalanta” va “Roma” o‘rtasidagi bellashuv Italiya futboli muxlislari uchun nafaqat yuqori darajadagi futbol, balki Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri kurashni ham anglatadi.

Yevropa yo‘lida hal qiluvchi kecha

“Roma” jamoasi bugun ilk bor chempionat davomida to‘rtinchi o‘rinni egallash imkoniyatiga ega. Chunki “Yuventus” va “Latsio” 36-turda o‘zaro durang o‘ynab, ochkolarini 64 tadan qilib olishdi. “Roma” esa 63 ochko bilan bir o‘yin kam o‘tkazgan holda oltinchi o‘rinda bormoqda.

Agar “bo‘rilar” bugun Bergamoda g‘alaba qozonsa, to‘rtinchi o‘ringa chiqib oladi va so‘nggi ikki turda o‘sha pozitsiyani saqlab qolish uchun kurashadi.

Raneri effekti: “Roma” mag‘lubiyatni unutgan jamoaga aylandi

Klaudio Raneri “Roma” boshqaruvini noyabrda qabul qilib olganidan so‘ng, dastlabki ikki uchrashuvda “Napoli” va “Atalanta”ga yutqazgan. Ammo shu paytgacha bu mag‘lubiyatlar so‘nggilari bo‘lib qoldi. Bu paytdan buyon “Roma”ning mag‘lubiyatsiz seriyasi 19 ta uchrashuvga yetdi.

Oxirgi ikki turda jamoa “Inter” va “Fiorentina” ustidan 1:0 hisobida irodali g‘alabalarni qayd etdi.

Shomurodov — to‘p uradi, golli pas beradi

Jamoaning so‘nggi muvaffaqiyatlarida o‘zbekistonlik Eldor Shomurodovning hissasi beqiyos. So‘nggi besh uchrashuvda u to‘rtta samarali harakat (2 gol, 2 assist) amalga oshirdi. “Yuventus” va “Verona”ga qarshi o‘zi to‘p kiritdi, “Inter” va “Fiorentina”ga qarshi esa hal qiluvchi golli uzatmalarni yo‘lladi.

Hozirda u Artyom Dovbik bilan oldingi chiziqda a’lo darajada o‘zaro tushunish bilan harakat qilmoqda.

“Atalanta” — yangi yildan so‘ng “qadami sustlashgan” jamoa

Jan Pero Gasperinining “Atalanta”si mavsum boshida yorqin start olgan bo‘lsa-da, 2024 yilda o‘tkazilgan 18 uchrashuvdan faqat yettitasida g‘alaba qozondi. Hozirda jamoa 68 ochko bilan uchinchi o‘rinda boryapti. Chempionlik real maqsad emas, ammo Chempionlar Ligasi uchun yo‘llanma — hali ham real vazifa.

Bugungi o‘yinning ahamiyati va Toshkent vaqti

Futbol mutaxassislariga ko‘ra, bugungi kechada “Roma” jismoniy va ruhiy jihatdan kuchliroq ko‘rinib turibdi. “Atalanta” — hujumkor, ammo natijani ko‘rsatishda barqarorlikdan uzoq jamoa. Shu sababli, bugungi bellashuv “Roma” uchun mavsum taqdirini belgilab berishi mumkin bo‘lgan o‘yin hisoblanadi.

Ushbu bahs 12 may kuni, Toshkent vaqti bilan 23:45 da start oladi.

Zamin.uz tahririyati Eldor Shomurodov boshchiligidagi “Roma” jamoasiga bu tarixiy kechada omad va zafarlar tilab qoladi. Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi — hech qachon bu darajada yaqin bo‘lmagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Roma" yoki "Atalanta"? Shomurodov shogirdi bo‘lgan Raneri chempionlar ligasi eshigini ochishi mumkin