
Bugundan boshlab O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati–2026 saralash bosqichidagi hal qiluvchi o‘yinlar oldidan navbatdagi yig‘inini boshladi. Qayd etish joiz, “oq bo‘rilar” 5 iyun kuni safarda BAAga qarshi muhim bahsda maydonga tushadi.
Terma jamoamiz sardori va yetakchi hujumchisi Eldor Shomurodov bu o‘yin oldidan o‘z fikrlarini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, jamoa kayfiyati yuqori, o‘yinga ruhiy va jismoniy jihatdan to‘liq tayyorgarlik ketmoqda.
— Hozir jamoada kayfiyat a’lo darajada. Hech qanday bosim his qilmayapmiz. Bugun yig‘inni boshladik, Xudo xohlasa, yaqin kunlarda Dubayga yo‘l olamiz va asosiy tayyorgarlikni o‘sha yerda olib boramiz.
Ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘q. Bizdan nimalar talab etilayotganini yaxshi bilamiz. Qanday raqib va qanday sharoit kutyapti — barchasidan xabardormiz. Bunday o‘yin oldidan alohida motivatsiya ham shart emas deb o‘ylayman, — dedi Shomurodov.

Eldor shaxsiy holatga ham to‘xtalib o‘tdi va muhimi — o‘zini jismonan to‘liq tayyor his qilayotganini ma’lum qildi:
— Xudoga shukr, o‘zimni yaxshi his qilyapman. Jangga 100 foiz tayyorman. Hali oldimizda bir hafta vaqt bor, shu vaqtda tayyorgarlikni maksimal darajada amalga oshiramiz. Issiq ob-havoga moslashish oson bo‘lmaydi, lekin bu ham biz uchun bahona bo‘lolmaydi.
Jahon chempionatiga chiqish orzusi nafaqat menda, balki butun jamoada bor. Bu nafaqat futbolchilarning, balki butun O‘zbekiston xalqi orzusi. Biz yaxshi bilamizki, bu safar xato qilishga haqqimiz yo‘q. Bu o‘yinda nafaqat mahorat, balki iroda va sadoqat hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Eslatib o‘tamiz, 9-tur doirasidagi BAA – O‘zbekiston uchrashuvi 5 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da start oladi. Ushbu bellashuvda g‘alaba qozonish orqali terma jamoamiz mundialga yo‘llanma masalasini oldindan hal etishi mumkin.
Timur Kapadze esa 26 may kuni ushbu yig‘in uchun jalb qilingan futbolchilar ro‘yxatini e’lon qilgan. Hozirda jamoa to‘liq tarkibda yig‘in rejasiga muvofiq tayyorgarlikni boshlab yubordi. Oldimizdagi kunlar mamlakat futbol tarixi uchun muhim sinov bo‘ladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar