
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 5 iyun kuni yana bir muhim va hal qiluvchi o‘yinni o‘tkazadi. Raqib – Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) termasi. Ayni shu o‘yin oldidan muxlislarning diqqati bir nomga qaratilayotgani tasodif emas: bu – Fabiu Lima.
Fabiu Lima ayni paytda BAA chempionatining «Al-Vasl» klubi sharafini himoya qilmoqda. 31 yoshli futbolchi o‘zining yuqori darajadagi texnik mahorati, tezkorligi hamda universalligi bilan ajralib turadi. Braziliyada dunyoga kelgan Lima keyinchalik BAA fuqaroligini olgan va mamlakat termasining asosiy o‘yinchilaridan biriga aylangan.
Asosan hujumkor yarim himoyachi vazifasini bajaruvchi futbolchi chap va o‘ng qanotlarda ham bemalol harakat qila oladi. Bu uni raqib himoyachilari uchun o‘ta xavfli va oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan o‘yinchiga aylantirgan. Yevropaning nufuzli «Transfermarkt» portalida uning transfer bahosi 7 million yevroni tashkil qiladi, bu esa BAA futbolchilari orasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Joriy mavsumda Fabiu Lima «Al-Vasl» safida 37 ta bellashuv o‘tkazib, 15 marta raqib darvozasini ishg‘ol qildi va yana 5 ta golli uzatma bilan ajralib turdi. Shu bilan birga, u 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati saralash o‘yinlarida ham juda yuqori samaradorlik ko‘rsatib kelmoqda: bu musobaqalarda 8 ta gol urib, 2 marta jamoadoshlariga assist amalga oshirdi.
E’tiborlisi, Lima birinchi davradagi O‘zbekistonga qarshi bahsda maydonga tusha olmagan edi. Buning o‘ziga xos sabablari bor edi va ushbu omil milliy jamoamiz uchun ma’lum darajada omadli vaziyat bo‘lgandi. Ammo endilikda uning 5 iyundagi uchrashuvda ishtirok etishi deyarli aniq, bu esa O‘zbekiston termasining himoyachilari uchun juda jiddiy boshog‘riq paydo bo‘lishi mumkinligini bildiradi.
Eslatib o‘tish joizki, Fabiu Lima joriy saralash bosqichida Qatarga qarshi o‘yinda o‘zining yuqori darajadagi salohiyatini namoyon qilib, raqib darvozasiga to‘rtta gol (poker) urishga muvaffaq bo‘lgandi. Bu esa uning kuchli raqiblarga qarshi muhim o‘yinlarda ham ishonchli va sovuqqon harakat qilishini tasdiqlaydi.
Hozirda O‘zbekiston terma jamoasi bu xavfli futbolchining o‘yin uslubini diqqat bilan tahlil qilib, maydonda uning ta’sirini minimallashtirish rejasini tuzmoqda. Muxlislar esa milliy jamoamiz himoyasi ushbu jiddiy sinovga qanday tayyorgarlik ko‘rayotganiga qiziqib, uchrashuvni katta hayajon bilan kutmoqdalar. 5 iyun kuni BAAga qarshi o‘yin, shubhasiz, O‘zbekiston uchun oson kechmaydigan jang bo‘ladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar