
Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixiy bir lahza qarshisida turibdi: JCH-2026 saralash bosqichining hal qiluvchi o‘yinida Birlashgan Arab Amirliklari bilan kuch sinashadi. Bu bahs nafaqat futbolchilar uchun, balki millionlab o‘zbek muxlislari uchun ham uzoq kutilgan bayram yoki kutilmagan qayg‘uga aylanishi mumkin.
Bahs oldidan ko‘plab futbol ekspertlari va mutaxassislar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, o‘yin natijasi haqida bashoratlarni aytishmoqda. Ular orasida Chernogoriyaning taniqli futbol mutaxassisi Miodrag Radulovich ham bor.
Radulovichning so‘zlariga ko‘ra, bugungi bahsda O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z oldiga qo‘ygan vazifani muvaffaqiyatli bajaradi va tarixiy natija – Jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
«O‘zbekiston saralash bosqichida juda yaxshi o‘ynadi, bu bosqichda ularning o‘yinlari barqarorlik va ishonch bilan to‘lgan edi. Menimcha, BAAga nisbatan O‘zbekiston jamoasi ancha kuchli va yaxshi tarkibga ega. Umid qilamanki, ular bugun o‘z kuchlarini namoyon qilib, g‘alaba qozonishadi», – deydi chernogoriyalik mutaxassis.
Biroq, Radulovich shuni ham qayd etadiki, BAA jamoasida ham yangiliklar mavjud. Ularning bosh murabbiyi yaqinda o‘zgardi. Endi jamoani mahalliy chempionatni va futbolchilarni yaxshi biladigan rumin mutaxassisi boshqarmoqda. Bu albatta, arab jamoasiga yangi ruh va kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Lekin barcha omillarni hisobga olganda ham, Radulovich bugungi bahsda O‘zbekistonning g‘alabasiga shubha qilmaydi.
«O‘zbekistonda jamoaviy o‘yin, tartib-intizom va yuqori darajadagi futbolchilar bor. Bugungi bahsda ham, qolgan ikki o‘yinda ham ular juda yaxshi ishtirok etishlariga ishonaman. Ularning muxlislari juda sadoqatli va futbolni yaxshi tushunishadi. Shuning uchun ham bu terma jamoa Jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmani munosib nishonlashiga ishonaman va buni chin dildan tilayman», – deya qo‘shimcha qiladi Miodrag Radulovich.
Radulovich o‘z nutqini O‘zbekistondagi do‘stlari va barcha futbol ishqibozlariga katta salom bilan yakunlab, ularga ikki muhim uchrashuvda ham ulkan omad tiladi. Uning fikricha, o‘zbek futboli jahon chempionatida qatnashish va futbol zavqini his qilishga to‘liq haqlidir.
Shunday qilib, bugungi bahs nafaqat futbolchilar, balki butun O‘zbekiston uchun taqdiriy ahamiyatga ega bo‘lib turibdi. Barcha muxlislar milliy terma jamoaning g‘alabasiga ishonch bilan qaramoqda va ularni bu kechada katta bayram kutmoqda. Radulovichning bashorati to‘g‘ri chiqarmikan? Bunga bugungi muhim bahs javob beradi! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar