
O‘zbekiston milliy terma jamoasi BAA bilan muhim bahsda durang qayd etib, 2026 yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanmani naqd qilganidan keyin FIFA bu yutuqqa o‘zining rasmiy sahifasi orqali alohida munosabat bildirdi. Xalqaro federatsiya yurtimiz futboli uchun ushbu voqeaning tarixi ahamiyatini e’tirof etib, o‘tmishning ko‘plab afsonaviy nomlari misolida bu yutuqning qiymatiga urg‘u berdi.
FIFA xabarida qayd etilishicha, o‘tgan o‘nlab yillar davomida Server Jeparov, Odil Ahmedov, Ignatiy Nesterov va Maksim Shatskix kabi o‘zbek futboli yulduzlari bor kuchini terma jamoa uchun sarflagan bo‘lsa-da, tarixiy orzuga — Jahon chempionati yo‘llanmasiga erisha olmagan edi. Ular safida mamlakat futboli tarixida alohida o‘rin tutadigan Timur Kapadze ham bor edi. Ammo taqdirning o‘z o‘yini bor ekan — aynan Timur Kapadze, o‘yinchi sifatida bajara olmagan vazifani murabbiy sifatida uddalab, o‘z nomini abadiy tarix sahifalariga muhrladi.
Kapadze milliy jamoada futbolchi sifatida 119 ta uchrashuvda qatnashgan bo‘lsa, endi 43 yoshida murabbiy sifatida milliy termamizni mundialga olib chiqdi. Bu uning faqat o‘zbekistonlik muxlislar qalbida emas, balki jahon futbol jamoatchiligida ham hurmat qozonishiga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston terma jamoasi o‘tmishda Germaniya–2006 va Braziliya–2014 saralash bosqichlarida bir necha bor og‘riqli va alamli mag‘lubiyatlarga uchrab, mundial ostonasida qolgan edi. Har gal futbol ishqibozlarining yuragida afsus va umidsizlik qolgan bo‘lsa, bu gal Abu-Dabidagi keskin va asabiy o‘yinda qayd etilgan 0:0 durangning o‘zi tarixi burilish nuqtasi bo‘ldi.
Bu tarixiy natija nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham birinchi bo‘lib mundialga yo‘llanma olingani bilan ahamiyatlidir. Mintaqada futbol tarixi bir asrlik davrni qamrab olsa-da, shu kungacha hech bir milliy terma jamoa bu yutuqni qayd eta olmagan edi.
Shu bilan birga, mamlakat futboli ko‘p musibatlarni ham boshidan kechirgan. 1979 yili sobiq ittifoq chempionatida qatnashgan "Paxtakor" jamoasining aviahalokati, O‘zbekiston futboli tarixidagi eng qayg‘uli voqea sifatida qolgan edi. Undan keyin, ko‘p yillar mobaynida mamlakatda futbol tizimini qayta tiklash va rivojlantirish bo‘yicha katta ishlar olib borildi.
Bu sa’y-harakatlar natijasida mamlakatda zamonaviy futbol akademiyalari tashkil etildi, yoshlar terma jamoalari esa jahon miqyosidagi turnirlarda yuqori natijalar ko‘rsata boshladi. So‘nggi o‘n besh yil ichida O‘zbekiston yoshlari ikki marta U-17 Jahon chempionatida chorak finalga chiqqan, U-20 terma jamoasi esa yaqinda Argentinada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida 1/8 finalgacha yetib bordi. Olimpiya termasi esa 2024 yili Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etish bilan yana bir tarixiy natijani qayd etdi.
FIFA O‘zbekiston milliy jamoasidagi yosh avlod iste’dodlarini ham alohida e’tirof etgan. Xususan, Abbosbek Fayzullayev tezkorligi va tinimsiz harakatlari bilan muxlislarning mehrini qozongan bo‘lsa, Abduqodir Husanov kuchli irodasi, baquvvatligi va yetakchilik qobiliyati bilan nafaqat mahalliy jamoalarda, balki Angliyaning grand klubi — "Manchester Siti"da ham o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi.
Shunday qilib, milliy termamizning tarixiy muvaffaqiyati nafaqat o‘zbekistonlik muxlislarning, balki xalqaro futbol jamoatchiligining ham katta e’tirofiga sabab bo‘ldi. Endilikda jahon futbol hamjamiyati O‘zbekistonning kelgusi yili AQSH, Kanada va Meksikada o‘tadigan mundialdagi debyutini katta qiziqish bilan kuzatishni boshladi. Bu tarixiy voqea O‘zbekiston futbolida yangi davr boshlanganini tasdiqlovchi buyuk qadam sifatida qabul qilinmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar