
Moskvaning SSKA jamoasida bir yildan ko‘proq muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan serbiyalik murabbiy Marko Nikolich Rossiyani tark etib, faoliyatini Gretsiyaning AYEK klubida davom ettiradigan bo‘ldi. Gretsiyaning yetakchi nashrlaridan biri bo‘lgan Mozzart Sport xabar berishicha, 46 yoshli mutaxassisning yangi jamoaga o‘tishiga bog‘liq barcha muzokaralar yakunlangan va yaqin kunlarda rasmiy bayonot beriladi.
Manbaning yozishicha, AYEK Nikolich bilan ikki yillik shartnoma imzolaydi. Bu transfer uchun gretsiyaliklar SSKAga 600 ming yevro kompensatsiya to‘laydi. Agar bu mablag‘ni AYEK klubi to‘lashni xohlamasa, serbiyalik mutaxassisning o‘zi ham o‘z shartnomasini sotib olishga tayyor ekanligini ma’lum qilgan edi.
Bu o‘zgarish sababli, SSKA murabbiylar shtabini to‘liq yangilashiga to‘g‘ri keladi. Nikolich Gretsiyaga o‘zining yordamchilari Radoye Smilyanich, Aleksandar Rogich va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha ekspert Goran Basarichni ham olib ketadi.
Marko Nikolich SSKAdagi qisqa davri mobaynida muhim natijalarga erishdi. U «armiyachilar»ni Rossiya chempionatida uchinchi o‘ringa olib chiqib, bronza medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, uning boshchiligida SSKA Rossiya Kubogida zafar quchib, mavsumni sovrin bilan yakunladi.
Serbiyalik murabbiyning klubga kiritgan asosiy yangiligi o‘yin uslubidagi keskin o‘zgarish bo‘ldi. U qishki tanaffus vaqtida jamoaning taktika sxemasini o‘zgartirib, romb uslubiga o‘tishga qaror qildi. Lekin bu qaror o‘zbekistonlik futbolchi Abbosbek Fayzullayev uchun ko‘plab qiyinchiliklarni keltirib chiqardi.
Mavsumning birinchi yarmida klubning eng yorqin futbolchilaridan biri bo‘lgan Abbosbek, sxemadagi o‘zgarish sabab o‘zining odatiy o‘yin uslubidan voz kechishga majbur bo‘ldi. Nikolich uni maydonning markazida o‘ynashga, hujum va himoyada faol ishtirok etishga jalb etdi. Bu esa Abbosbekning o‘yin samaradorligida pasayishga olib keldi.
Fayzullayev yangi talablarga moslashish uchun ko‘p vaqt sarfladi. Uning o‘yinidagi o‘zgarishlar murabbiylar va muxlislarning tanqidlariga sabab bo‘ldi. Shunga qaramay, Nikolich o‘zbekistonlik futbolchining juda katta salohiyati borligi va u yangi sxemaga moslashib bo‘lganini bir necha bor ta’kidladi.
«Abbosbekda ulkan iqtidor bor. Tanqidlarga qo‘shilmayman, chunki uning jamoadagi roli juda katta. Faqat biroz vaqt kerak edi. Agar hujumlarni yakunlashdagi kamchiliklarni bartaraf etsa, bir mavsumda o‘nta gol va o‘nta assist qayd etadigan darajaga chiqishi mumkin. Ana o‘shanda Abbosni hech kim ushlab qololmaydi», – deb aytgan edi Nikolich o‘z intervyusida.
Abbosbek Fayzullayevning o‘zi ham pozitsiyasi o‘zgarganidan so‘ng, natijalari pastlaganini bir necha bor ochiq tan oldi.
«O‘tgan mavsumga qaraganda bu yil shaxsiy natijalarim yaxshi bo‘lmadi. Bunga sabab o‘yin sxemasi o‘zgargani va maydondagi pozitsiyam markaziy hududga ko‘chirilgani bo‘ldi. Boshlanishi yaxshi bo‘lgandi, ammo keyingi bosqichda yangi o‘ringa moslashishim kerak edi. Bundan keyin ham o‘z ustida ishlashda davom etaman va raqobatdan qo‘rqmayman», – dedi futbolchi jurnalistlar bilan suhbatda.
Aytish joizki, Abbosbek Fayzullayev yoshiga nisbatan katta tajribaga ega. U 21 yoshigacha O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi, 2023 yilda Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi va Rossiya Premer-ligasining eng yaxshi yosh o‘yinchisi kabi bir qator shaxsiy sovrinlarni qo‘lga kiritgan. «Paxtakor» safida O‘zbekiston chempionligini va Superkubokni qo‘lga kiritgan Fayzullayev, shuningdek, mamlakat yoshlar termasi bilan Osiyo Kubogida g‘olib chiqqan.
Hozirda Nikolichning ketishi Fayzullayev uchun ham yangi bosqich bo‘lishi mumkin. Uning yangi murabbiy qo‘l ostida qanday o‘ynashini va maydondagi roli qanday o‘zgarishini vaqti ko‘rsatadi. Mutaxassislar va muxlislar esa Fayzullayevdan yana oldingiday yuqori natijalarni kutishmoqda.
Abbosbek Fayzullayevning keyingi faoliyatiga katta qiziqish bilan qaralayotgan bir vaqtda, SSKA jamoasida qanday o‘zgarishlar ro‘y berishini kuzatish ham muhim ahamiyatga ega. Nikolichdan keyin «armiyachilar» qanday yo‘l tutar ekan – bu muxlislar uchun eng qiziqarli savollardan biri bo‘lib qolmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar