date
views 26

Eldor Shomurodov uchun Gasperini davri: yangi imkoniyat, yangi sinov

Eldor Shomurodov uchun Gasperini davri: yangi imkoniyat, yangi sinov
2026 yilgi jahon chempionati ishtirokchisi Eldor Shomurodov “Roma”da yangi mavsum arafasida muhim qaror ostonasida turibdi. Tajribali hujumchining keyingi futbol yo‘li uning terma jamoa va klubdagi kelajagini belgilab berishi mumkin.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining sardori va eng yaxshi to‘purari hisoblangan Eldor Shomurodov uchun kelayotgan mavsum juda muhim ahamiyat kasb etadi. AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan 2026 yilgi jahon chempionatida yuqori sport formasida ishtirok etishni maqsad qilgan legionerimiz o‘z o‘yin amaliyotini muntazam davom ettirish niyatida.

Agar “Roma” boshqaruvida murabbiy Klaudio Raneri qolganida, Shomurodovning o‘yindagi mavqei yanada mustahkam bo‘lardi. Ammo tajribali mutaxassis o‘z so‘zida turdi va lavozimini tark etdi. Endi esa rimliklarni Jan Pero Gasperini yangi mavsumga tayyorlaydi.

Bu o‘zgarish Eldor uchun yangi imkoniyat bilan birga katta sinov hamdir. Italiya futbolini yoritadigan yetakchi nashrlar xabar berishicha, Shomurodov yangi murabbiyning ishonchiga sazovor bo‘lish uchun tayyorgarlikni jiddiy boshlagan.

Futbolchimiz o‘z fikrlarini ham bayon etdi:
“Gasperinini hamma taniydi. U “Atalanta”ni Yevropaning kuchli jamoalaridan biriga aylantirdi. Men undan qo‘rqmayapman. Og‘ir mashg‘ulotlardan ham cho‘chimayman – jismonan to‘liq tayyorman”, — dedi Eldor.

Eldor Shomurodovning ta’kidlashicha, u o‘zida kuchli o‘zgarishlarni his qilmoqda va o‘ziga bo‘lgan ishonchi yanada ortgan. “Raneri menga futbolchi sifatida ishonchni qayta tiklashimga yordam berdi. Endi o‘zimni boshqacha futbolchi deb his qilyapman”, — dedi u.

Ushbu mavsum davomida “Roma” safida jami 37 ta rasmiy o‘yinda ishtirok etgan Shomurodov 7 ta gol urdi va 5 ta assistni amalga oshirdi. Ayniqsa, hal qiluvchi o‘yinlarda ko‘rsatgan kuchli xarakter va jamoaviy ishlash qobiliyati muxlislar va mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.

Endi esa barcha diqqat Shomurodov va Gasperini o‘rtasidagi hamkorlik natijasiga qaratilgan. Agar Eldor yangi murabbiyning ishonchini qozona olsa, u nafaqat “Roma” uchun muhim figuraga aylanadi, balki jahon chempionati arafasida o‘z salohiyatini yanada to‘liq namoyon etadi.

Muxlislar esa o‘z futbolchimizning Italiyadagi har bir qadamini faxr bilan kuzatmoqda. Chunki Eldor Shomurodov nainki o‘z nomini, balki butun o‘zbek futboli sharafini elitada munosib tarzda himoya qilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov uchun Gasperini davri: yangi imkoniyat, yangi sinov