
JCH-2026 uchinchi saralash bosqichidan o‘rin olgan hal qiluvchi bellashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Qatarni mag‘lub etib, jahon chempionati yo‘llanmasini ilgariroq ta’minladi. O‘yindan so‘ng terma jamoamiz bosh murabbiyi Timur Kapadze va yarim himoyachi Azizbek Turg‘unboyev jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
— Hammani g‘alaba bilan chin dildan tabriklayman, — deya so‘z boshladi Kapadze. — Bayram bayramdek bo‘ldi. Uyinda ko‘rsatilgan intizom, o‘zaro tushunuv va jonkuyarlikni alohida ta’kidlamoqchiman. Natija ham, o‘yin sifati ham muxlislarimizni xursand qilganiga ishonaman. Yurtimizni Jahon chempionati yo‘llanmasi bilan yana bir bor muborakbod etaman.
Yarim himoyachi Azizbek Turg‘unboyev ham o‘z his-tuyg‘ularini bayon etdi:
— Barcha yurtdoshlarimizni g‘alabamiz bilan muborakbod etaman. Bizga ishongan, duo qilgan, stadionga kelib qo‘llab-quvvatlagan barchaga tashakkur aytaman. Bu yutuq barchamizning birdamligi, bir maqsad yo‘lidagi intilishi tufayli amalga oshdi.
Tayyorgarlik rejalari qanday?
Kapadzega ko‘ra, guruh bosqichidagi so‘nggi uchrashuvlar — BAA va Qatarga qarshi o‘yinlar jamoaning barcha diqqat-e’tiborini to‘liq tortib turgan. Endi esa jamoa Jahon chempionati uchun jiddiy va bosqichma-bosqich tayyorgarlik rejasini amalga oshiradi.
— Musobaqagacha CAFA doirasidagi uchrashuvlar va AQSHdan keladigan raqiblarga qarshi nazorat uchrashuvlari rejalashtirilgan. O‘ylaymanki, bu o‘yinlar orqali jamoa yetarlicha tajriba to‘playdi, — dedi murabbiy.
Taktika, tarkib va istiqbollar
Savollarga javob berar ekan, Kapadze jamoaning taktik yondashuvi haqida ham fikr bildirdi:
— Biz 3lik va 4lik himoya sxemalari ustida ko‘p ishladik. Bugun futbolchilar raqibga imkoniyat qoldirmasdan o‘yinni nazorat qilishdi. Agar futbolchilar sog‘lom va yaxshi formada bo‘lishsa, turli taktik modellardan foydalanamiz. Rotatsiyalar ham bo‘ladi.
Murabbiy sifatidagi kelajakchi?
Vaqtincha bosh murabbiy sifatida ish olib borgan Kapadzega, shartnoma masalasida qanday kelishuv borligi haqida savol berilganda, u shunday javob qaytardi:
— Bu haqda rahbariyatdan so‘rasangiz to‘g‘ri bo‘ladi.
Shu bilan birga, u o‘z vazifasini sidqidildan bajarayotganini va jamoa uchun bor kuchini sarflayotganini ta’kidladi.
Terma jamoamizning Jahon chempionatiga chiqishi nafaqat futbol sahnasidagi ulkan yutuq, balki butun mamlakat uchun katta g‘urur bo‘ldi. Endi esa navbatda — katta musobaqa uchun munosib tayyorgarlik! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar