
Kataloniyaning mashhur klubi “Barselona”da uzoq yillardan beri asosiy darvozabon sifatida maydonga tushib kelayotgan Mark-Andre ter Stegen faoliyatini Angliyada davom ettirishi mumkin. Xususan, Angliya Premer Ligasining amaldagi chempionlaridan biri — “Manchester Siti” nemis golkiperini o‘z safiga qo‘shib olish niyatida ekani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Britaniya nashrlarining yozishicha, “shaharliklar”ning asosiy posboni Ederson joriy yil dekabrida bo‘lib o‘tadigan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan so‘ng jamoani tark etishi kutilmoqda. Mana shu ehtimoliy yo‘qotish “Man Siti”ni mustahkam va tajribali alternativa izlashga majbur qilmoqda.
33 yoshli ter Stegenning nomzodi esa aynan shu ehtiyojga mos keladi. U nafaqat “Barsa”da ko‘p yillik tajribaga ega, balki Yevropa miqyosida o‘zini dunyo darajasidagi posbon sifatida ko‘rsata olgan futbolchi sifatida tan olingan.
Shu bilan birga, “Barselona” rahbariyati ham ter Stegen bilan xayrlashishga tayyor ekanini bir necha hafta avval oshkor qilgan edi. Qayd etish joiz, nemis golkiperining “blaugrana” bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yozigacha amal qiladi. Ammo moliyaviy jihatdan ancha tor budjet doirasida harakatlanayotgan kataloniyaliklar yutuqlarga erishish uchun ba’zi yuksak maoshli futbolchilarni sotish orqali o‘z harakat imkoniyatlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
APLga o‘tish — yangi bosqich bo‘ladimi?
Ter Stegenning “Manchester Siti” safiga qo‘shilishi, agar amalga oshsa, unga APLda o‘zini sinab ko‘rish imkonini beradi. Bu liga dunyodagi eng raqobatbardosh chempionatlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Ter Stegen uchun bunday transfer yangi chaqiruv, “Barselona”dan so‘nggi yirik qadam bo‘lishi mumkin.
Hozirda “Siti”ning asosiy e’tibori — yangi mavsumda barcha frontlarda muvaffaqiyatli ishtirok etish va eng muhimi, mustahkam posbon bilan yo‘lga chiqish. Agar Ederson haqiqatan ham jamoani tark etsa, ter Stegen bilan shartnoma tuzish “Siti” uchun eng to‘g‘ri qarorlardan biri bo‘lishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar