date

Premer-liganing eng qimmat transferi: Virs “Enfild”da tibbiy tayyorgarlikda

Premer-liganing eng qimmat transferi: Virs “Enfild”da tibbiy tayyorgarlikda
Yevropa futbol bozorida yana bir sensatsion transfer yaqinlashmoqda. Germaniya futboli yulduzi, “Bayer”ning markaziy hujumkor yarim himoyachisi Florian Virs bu hafta oxirida “Liverpul” jamoasi bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Bu haqda yetakchi britaniyalik insayderlardan biri — Sky Sports xabar tarqatdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, 21 yoshli Virs o‘z ta’tili tugagani bilanyoq Buyuk Britaniyaga yo‘l oladi va “Enfild”dagi yangi sahifasini boshlaydi. Mazkur transfer Yevropa bozorida bu yilgi eng qimmat kelishuvlardan biriga aylanishi mumkin — “Liverpul” Florian uchun “Bayer”ga 100 million funt sterling to‘lovni amalga oshiradi. Shuningdek, shartnoma shartlariga ko‘ra, yana 16,5 million funt bonuslar sifatida qo‘shimcha to‘lanadi.

Virsning yangi jamoadagi maoshi ham muxlislar e’tiborini tortmay qolmaydi — yosh yulduz bonuslar bilan birga yiliga 10,2 dan 12,7 million funtgacha daromad oladi. Bunday mablag‘lar unga Yevropa futbolining eng qimmatbaho futbolchilari qatoriga kirish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsumda Florian Virs “Bayer” safida Bundesligada 31 uchrashuvda qatnashib, 10 ta gol urishga va 12 ta golli pas berishga muvaffaq bo‘ldi. Uning universal o‘yin uslubi, ijodiy iqtidori va maydondagi yetakchilik xususiyatlari “Liverpul”ning yangi muvaffaqiyatlar sari intilishida muhim ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.

Ko‘rinishidan, “Liverpul” yana bir yirik transfer orqali Yevropaning eng kuchli klublaridan biri sifatida o‘z mavqeini mustahkamlashga harakat qilmoqda. Endi esa barcha e’tibor Florian Virsning yangi jamoada qanday o‘yin ko‘rsatishiga qaratiladi. Muxlislar esa ushbu katta kelishuvdan katta umidda!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Premer-liganing eng qimmat transferi: Virs “Enfild”da tibbiy tayyorgarlikda