
Kataloniya futbol muhitida navbatdagi shov-shuvli transfer amalga oshdi. “Espanyol” klubining 24 yoshli iqtidorli darvozaboni Joan Garsiya rasman “Barselona” futbolchisiga aylandi. Kataloniya derbisidagi asosiy raqiblardan biri bo‘lgan jamoadan futbolchi olib kelish juda kam uchraydigan holat bo‘lsa-da, “Barsa” bu gal istisnoga yo‘l qo‘ydi.
Futbolchi shaxsan o‘zi 25 million yevrolik tovon pulini to‘lab, “Espanyol” bilan shartnomasini bekor qildi. Kuni kecha “Barselona” klubi uning transferi yakunlanganini rasman eʼlon qildi.
Garsiya bilan tuzilgan shartnoma 2031 yilning 30 iyunigacha amal qiladi. Bu juda uzoq muddatli bitim sanaladi va unga bo‘lgan ishonch darajasini ko‘rsatadi. Mazkur transfer “Barsa”ning keyingi yillarda darvozabon masalasini uzoq muddatga yopishini bildirishi mumkin.
Joan Garsiya 2024/25 yilgi La Liga mavsumida 38 ta o‘yinda qatnashdi, shundan 8 tasida “suxoy” o‘yin qayd etdi. Umumiy hisobda esa 51 ta gol o‘tkazib yubordi. Qiyin vaziyatlardagi mustahkam turishi, tezkor reaksiyasi va o‘yinni to‘g‘ri boshlashdagi mahorati uni “Barselona” skautlari diqqatiga tushirgan.
Kataloniya klubi bosh murabbiyi ushbu transfer orqali jamoada raqobatni kuchaytirishni maqsad qilgan. “Barselona” safida hozirgi birinchi raqamli darvozabon Andre Ter Shtegenning tez-tez jarohat olishi garchi xavotir uyg‘otmayotgan bo‘lsa-da, uning zaxirasida kuchli va ishonchli nomzod bo‘lishi muhim ekani shubhasiz.
Joan Garsiyaning kelishi bilan “Barsa”ning darvoza chizig‘ida ham kelajak, ham hozirgi holatni taʼminlash rejasi ko‘zga tashlanadi. Uning “Espanyol”dan “Barsa”ga o‘tishi Kataloniya futbol tarixidagi muhim voqealardan biri sifatida eslab qolinishi mumkin.
Endi esa futbol olamidagi asosiy savol: Garsiya “Barsa”da asosiy tarkib uchun kurashadimi yoki tajriba to‘plash uchun zaxirada qoladimi? Bu savolga javob mavsum davomida aniq bo‘ladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar