
O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2026 musobaqasi yo‘llanmasini tarixda ilk bor qo‘lga kiritdi. BAAga qarshi 0:0 hisobidagi durang nafaqat yirik sport voqeasi, balki butun mamlakat futboli uchun yangi bosqichni anglatadi. Ushbu g‘alaba mamlakat ichkarisida ham, xalqaro maydonda ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Bu yutuqdan ilhomlanib, ukrainalik jurnalist Vladislav Lyutostanskiy “Dinamo Kiyev” afsonasi va hozirda “Andijon” klubida faoliyat olib borayotgan Maksim Shatskix bilan suhbatlashdi. U o‘z Vatani terma jamoasining muvaffaqiyati va ikki mamlakat futboli o‘rtasidagi farqlar haqida gapirdi.
"O‘zbekistonda futbol juda tez o‘smoqda"
Shatskix ta’kidlashicha, mamlakatda futbol sohasida tub islohotlar olib borilmoqda: infratuzilmalar yangilanyapti, terma jamoalar uchun zamonaviy bazalar qurilyapti, yoshlar o‘rtasidagi futbol rivojlanmoqda.
"So‘nggi yillarda O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlar futboli jadal sur’atda rivojlanmoqda. Bu bir kunda bo‘ladigan jarayon emas, lekin to‘g‘ri yo‘l tanlangan va natijalar allaqachon ko‘rina boshladi", — deydi u.
Ukraina nimani o‘rganishi mumkin?
Jurnalist Ukraina termasi qaysi jihatlarda O‘zbekistondan namuna olishi mumkinligi haqida so‘raganda, Shatskix "bu juda qiyin savol" deb javob berdi. Biroq u shunday dedi: "Hozirda Ukrainada avlodlar almashinuvi jarayoni kechmoqda. Yoshlarga vaqt kerak, ammo bu vaqt doim yetishmaydi. Baribir, menimcha, Ukraina JCH-2026 saralash bosqichidan o‘tadi. Fransiya kuchli, lekin Islandiya va Ozarbayjon — yengsa bo‘ladigan raqiblar".
Yaxshi futbolchilar bor, lekin talab yo‘q
Shatskix so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston futbolchilari Ukrainada yetarlicha e’tiborga tushmayapti. “Ehtimol, ularga qaramayaptilar yoki hozirgi vaziyat (urush) sabab hech kim bu bozorni o‘rganmayapti. Lekin bu noto‘g‘ri. Masalan, “Paxtakor”dagi ishlarimiz davomida biz O‘zbekiston termasining kelajagi bo‘lgan tarkibni shakllantirdik. Ular hozir Olimpiya termasida o‘ynayapti”, — dedi u.
Yaxshiboyev — iqtidor bor, lekin intizom kam
Jurnalist Jasur Yaxshiboyev haqidagi savoliga javoban, Shatskix uning iqtidoriga yuqori baho berdi, biroq xarakter muammolarini ta’kidladi. “U aqlli, noodatiy o‘yinchi. Agar intizom va xarakter muammolarini yengsa, u shubhasiz eng yuqori darajada o‘ynaydi. Men u bilan bir necha marta suhbatlashganman. Ammo professionallik faqat texnik mahorati bilan o‘lchanmaydi”, — dedi murabbiy.
Xulosa
Shatskix so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston futbol bozori hozirda katta salohiyatga ega. “Dinamo”, “Polese” yoki boshqa UPL klublari bu bozorni yaxshi kuzatsa, o‘zlari uchun munosib ijrochilarni topishi mumkin edi. Lekin hozircha imkoniyat ko‘proq Sharq davlatlari tomonga qarab ketmoqda — Saudiya, BAA, Qatar, Xitoy va boshqalar.
Umuman, O‘zbekiston futbolining rivojlanishi, terma jamoaning Jahon chempionatiga chiqishi va yosh avloddagi salohiyat, kelajakda bu mamlakatni Osiyodagi yetakchi futbol vataniga aylantirishi mumkin. Va Shatskix fikriga ko‘ra, bu so‘zlar emas, balki amalda isbotlanmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar