
2026 yili AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan tarixiy jahon chempionatida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun bu faqat boshlanish, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yurtimiz sharafini xalqaro maydonda munosib himoya qilayotgan sardor va asosiy to‘purar Eldor Shomurodov esa bu jarayonda alohida o‘ringa ega. Uning nomi nafaqat o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari, balki Yevropaning yetakchi klublari uchun ham qiziqish uyg‘otmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, Shomurodov so‘nggi mavsumda Italiyaning mashhur “Roma” klubida muvaffaqiyatli faoliyat olib borgani sababli ko‘plab klublarning e’tibor markaziga tushgan. Xususan, AQSHning MLS ligasidagi bir necha jamoa, Fransiya chempionatidan “Nant” va “Marsel”, Turkiyadan esa “Fenerbaxche” va “Trabzonspor” kabi klublar Shomurodovni o‘z saflarida ko‘rish istagida.
Ayni paytda Eldorning Rossiyadagi sobiq jamoadoshlari ham unga alohida hurmat va qiziqish bilan qaramoqda. Xususan, “Rostov”da birga to‘p surgan Arseniy Logashov jurnalistlar bilan suhbatda Eldor haqida samimiy fikrlar bildirdi:
“Eldor menda har tomonlama ijobiy taassurot qoldirgan. U juda maqsadga intilayotgan, jismonan kuchli, texnik jihatdan o‘ta yaxshi tayyorgarlikka ega va maydondagi vaziyatni zo‘r anglaydigan futbolchi. Undagi maydonni ko‘rish qobiliyati va gol intuitsiyasi alohida e’tirofga loyiq. Uni boshqalar bilan qiyoslash qiyin, chunki Eldor o‘ziga xos futbolchi”, – dedi Logashov.
Shomurodovning Yevropa futbolidagi yutuqlari shunchaki tasodif emas. Uning futbolchi sifatida shakllanishida Rossiyadagi “Rostov” klubida bosh murabbiy Valeriy Karpin katta rol o‘ynagan. Murabbiy Eldorga ishongan va uning salohiyatini to‘liq ochish uchun imkon yaratgan. Shuningdek, futbolchining agentlaridan biri German Tkachenko ham hozirgacha unga yaqin maslahatchi va tayanch sifatida qolmoqda.
Eldor Shomurodovning Yevropa maydonlariga yo‘l olishi 2020 yilda, Italiyaning “Jenoa” klubiga o‘tganida boshlangan. Debyut mavsumidayoq 8 ta gol urib, katta klublarning e’tiborini qozongan. Shundan so‘ng u “Roma” safiga o‘tdi va italiyaliklar bilan uzoq muddatli shartnoma imzoladi. Keyinchalik “Spetsiya” va “Kalyari”da ijara asosida to‘p surdi.
Shomurodovning Italiya A Seriyasidagi umumiy faoliyati 129 ta uchrashuvni o‘z ichiga oladi, unda u 19 ta gol urib, 13 ta golli uzatma amalga oshirgan. Shuningdek, u 2021 yili ilk bor o‘tkazilgan UYEFA Konferensiyalar ligasida g‘olib chiqib, o‘z nomini Yevropa futboli tarixiga yozdirdi.
Milliy terma jamoa safidagi ko‘rsatkichlar ham diqqatga sazovor. Eldor 2015 yildan buyon termada faoliyat olib bormoqda va shu vaqt mobaynida 82 ta uchrashuvda ishtirok etib, 42 ta gol muallifiga aylangan. Bu uni terma jamoamizning eng samarali to‘purarlaridan biriga aylantiradi.
Rossiyalik mutaxassis Arseniy Logashov esa o‘z fikrida quyidagicha yakunladi:
“Men o‘zbek futbolini kuzatib borayapman va aytishim kerakki, ularda juda kuchli va harakatchan terma shakllangan. Gretsiya 2004 yilgi Yevropa chempionatida qanday kutilmagan natija ko‘rsatgan bo‘lsa, O‘zbekiston ham 2026 yilgi Jahon chempionatida bunday syurprizni qaytarishi mumkin. Buning uchun ularda salohiyat yetarli”.
Eldor Shomurodovning katta sahnadagi sinovlari hali oldinda. Uning kim bilan shartnoma tuzishi va qayerda o‘ynashi hozircha noaniq. Bir narsa aniq – u qaysi klubda to‘p surmasin, o‘zining fidoyiligi, tajribasi va salohiyati bilan har qanday jamoaning asosiy kuchiga aylanishi mumkin. Unga omad va yangi zafarlar tilaymiz! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar