date

"Sho‘rtan" bosh murabbiyi: G‘alabani G‘uzor xalqiga bag‘ishlaymiz!

"Sho‘rtan" bosh murabbiyi: G‘alabani G‘uzor xalqiga bag‘ishlaymiz!
Superliganing 13-turidan o‘rin olgan "Sho‘rtan" – "Surxon" (2:1) bahsi mezbonlar uchun juda muhim va to‘lqinli kechdi. G‘alabaga muhtoj bo‘lgan Elyor Moyliyev shogirdlari o‘z maydonlarida iroda va xarakter ko‘rsata olishdi. Uchrashuvdan so‘ng bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bosh murabbiy katta mehnat va muxlislar ishonchi haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

— Bu o‘yinga puxta tayyorgarlik ko‘rdik, — deydi murabbiy. — Oxirgi paytdagi natijalarni yaxshilash uchun bu bahsda faqat g‘alaba kerak edi. Afsuski, o‘z xatomiz ortidan kutilmagan gol o‘tkazib yubordik. Biroq bu vaziyatda ham yigitlar qayishmadi, ruhan kuchli ekanligini ko‘rsatib, ikkita gol bilan javob berishdi. G‘alabani G‘uzor ahli va bizga ishonib turgan barcha muxlislarga bag‘ishlaymiz.

Murabbiyga ko‘ra, futbolda har qanday ehtimoliy holatga tayyor turish kerak. Moyliyev buni doimo shogirdlariga uqtirayotganini ta’kidlab, “biz hech qachon taslim bo‘lmaymiz va so‘nggi daqiqagacha kurashamiz”, dedi.

Ikkinchi taymdagi taktik o‘zgarish haqida to‘xtalar ekan, u raqib kam sonda qolgach, hujumni kuchaytirish kerak bo‘lganini qayd etdi.

— Jo‘rabek Mannonov kabi tezkor va hujumkor futbolchini maydonga tushirib, ustunlikdan foydalanishni maqsad qildik. Bu o‘zini oqladi, — dedi murabbiy.

Moyliyev, shuningdek, yosh futbolchilarga imkoniyat berish siyosatiga ham to‘xtalib o‘tdi:

— Bizda barcha futbolchilar bir xil imkoniyatga ega. Abror Toshqo‘ziyev bugun bu ishonchni oqlab, g‘alaba golini urdi. Javohir Hasanov ham o‘z vaqtida maydonga tushiriladi.

Matbuot anjumanida hujum chizig‘i muammosi ham tilga olindi. Murabbiy jamoaga tajribali hujumchi va qanotlarga raqobatbardosh o‘yinchilar zarurligini tan oldi:

— Ayniqsa, hujumda hozircha 2006 yilda tug‘ilgan yosh futbolchimiz o‘ynayapti. Hech shubhasiz, unga yordam beradigan, raqibni bosim ostida ushlaydigan tajribali hujumchi kerak. Shu bilan birga, qanotlarga ham raqobat kerak. Tarkib qanday shakllanishini yaqin vaqtda ko‘ramiz.

"Sho‘rtan" o‘z muxlislarini mamnun etib, navbatdagi bahslarga umid bilan tayyorgarlik ko‘rmoqda. Elyor Moyliyev shogirdlari o‘zlariga bo‘lgan ishonchni tiklab, yangi bosqichga qadam tashlashmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Sho‘rtan" bosh murabbiyi: G‘alabani G‘uzor xalqiga bag‘ishlaymiz!