
O‘zbekiston Kubogi 1/8 final bosqichidan o‘rin olgan va futbol muxlislari katta qiziqish bilan kuzatgan “Buxoro” – OKMK (3:1) uchrashuvidan so‘ng OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Bosh murabbiy so‘zlarini jiddiy tanqid va o‘ziga xos sinovli mulohazalar bilan boshladi: “Nima deyishim mumkin, haliyam eski hammom, eski tos. Yosh bolalarga o‘xshab xatoga yo‘l qo‘ydik. Lekin bu futbol va bunday xatolar ham uchrab turadi. Bu hech qanday bahona emas, afsuski, uch-to‘rtta o‘yindan beri shunday xatolar qatorasiga davom etyapti”.
Qosimov o‘yindagi muhokamali epizodlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi: “Qandaydir ikki-uch daqiqa ichida ikkita gol o‘tkazib yubordik va bu jamoamizning ruhiyatiga jiddiy ta’sir qildi. Shu o‘rinda muxlislarimizdan mag‘lubiyat uchun uzr so‘rayman, raqibni esa g‘alaba bilan tabriklayman. Bugun oxirigacha kurashdik, harakat qildik, ammo 'Buxoro' bizga imkoniyat qoldirmadi. Juda oddiy vaziyatlarda uch ochkoni boy beryapmiz. Yigitlarimiz oxirigacha o‘ynashyapti, ko‘rsatmalarimizni bajarishga harakat qilishyapti, ammo yana va yana bolalarcha xatoga yo‘l qo‘yishyapti”.
Murabbiy jamoaning rivojlanishi uchun ishni yanada puxta tahlil qilish va xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarish lozimligini ta’kidladi: “O‘yinni takror ko‘rib chiqib, xatolarni chuqur tahlil qilamiz. Birinchi davrani tugatib, ikkinchi davraga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak”.
VAR va hakamlik masalasida ham Qosimov to‘g‘ridan to‘g‘ri fikr bildirdi: “Bugun VAR ishladi, hakamlar monitorga borib vaziyatni ko‘rib chiqib qaror qabul qilishdi. Futbolda hamma narsa ideal bo‘ladi deb o‘ylash xato. Asosiysi, futbolda oddiy xatolarga yo‘l qo‘ymaslik va tezkorlikni oshirish kerak”.
Shuningdek, murabbiy futbolda real vaqtni kamaytiradigan sun’iy to‘xtashlardan norozilik bildirdi: “Bugun raqib darvozaboni birinchi daqiqalardanoq yotib olishni boshladi. Bu bahona emas, lekin stadionga kelgan muxlis futbol ko‘rish uchun keladi. Jarohatlar bo‘lsa tushunish mumkin, ammo beasos to‘xtashlar futbol ritmini buzadi. Bu illat boshqa o‘yinlarda ham kuzatildi. Agar bizga tezkor, hujumkor futbol kerak bo‘lsa, barcha omillarni inobatga olishimiz kerak”.
Zamin.uz tahririyatidan:
OKMK mag‘lubiyati ortidan Mirjalol Qosimovning tanqidiy so‘zlari va o‘zini tahlil qilishga chaqiruvi nafaqat jamoa, balki barcha futbol muxlislari uchun saboq bo‘lib xizmat qilishi mumkin. OKMK oldida endi muhim sinovlar turibdi – jamoa o‘z ustida ishlashda davom etishi, har bir o‘yinda professionallikni namoyon qilishi lozim. Futbolni yaxshi ko‘radigan va jamoaga ishonuvchi muxlislar esa, shubhasiz, o‘z sevimli jamoasini qo‘llab-quvvatlashda davom etadilar. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar