
O‘zbekiston futboli so‘nggi yillarda jahon sahnasida tobora ko‘proq e’tirofga erishmoqda. Yaqqol misol — terma jamoamizning yosh va iste’dodli hujumkor o‘yinchisi Abbosbek Fayzullayev. Hozirgi paytda u nafaqat Rossiyada, balki Yevropa transfer bozorida ham eng ko‘p muhokama qilinayotgan o‘zbek futbolchilaridan biriga aylandi.
Abbosbek Fayzullayevning maqsadi — Yevropaning kuchli ligalarida o‘ynash. 2023 yil avgustida “Paxtakor”dan SSKA safiga o‘tgan 21 yoshli yarim himoyachi Moskvada qisqa vaqtda o‘z o‘yinlari bilan tomoshabinlar va mutaxassislar e’tiborini qozondi. Rossiya Premer-ligasidagi debyuti va terma jamoadagi yuqori darajadagi ishtiroklari ortidan uning nomi Yevroqit’a klublari orasida yanada ko‘proq tilga olina boshladi.
Jahon chempionati saralash bosqichida Abbosning milliy terma jamoa safidagi samarali o‘yini, ko‘plab hal qiluvchi pas va gollari uning qiymatini va transfer salohiyatini oshirib yubordi. Shu tufayli, Yevropa bozorida unga qiziquvchilar soni ortib bormoqda.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Turkiya Superligasining ambitsioz va Yevrokuboklar uchun kurashadigan klubi — “Bashakshehir” Abbosbek Fayzullayev va “Roma”dan Eldor Shomurodovga jiddiy qiziqish bildirgan. Turk OAVlariga ko‘ra, “Bashakshehir” avval Shomurodov uchun 7 million yevro taklif qilgan, keyin Fransiyaning “Renn” klubi ham kurashga qo‘shilgach, taklif 8 million yevrogacha ko‘tarilgan. Shu bilan birga, istanbulliklar SSKAga rasmiy so‘rov yuborayotgani va javob kutayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Biroq, ushbu shov-shuvli xabarlar fonida “Sport Ekspress” nashri orqali “Bashakshehir” matbuot kotibi Goxan Yilmaz rasmiy izoh berib o‘tdi. Unga ko‘ra, klub skautlari hozircha SSKA yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev va “Lokomotiv” futbolchisi Dmitriy Barinovni transfer qilish tashabbusi yo‘qligini ma’lum qilgan:
- Men klubimizdagi skautlar bilan bu transferlar haqida gaplashdim. Ular SSKA yarim himoyachisi Abbosbek Fayzllayev va “Lokomotiv” o‘yinchisi Dmitriy Barinovni transfer qilish tashabbusi yo‘q ekanini ma’lum qilishdi, - dedi “Bashakshehir” klubi matbuot kotibi Goxan Yilmaz.
Abbosning SSKAdagi 2024/25 yilgi mavsumi juda samarali bo‘ldi: barcha musobaqalarda 39 uchrashuv, 3 ta gol va 8 ta assist. Moskva klubi bilan Rossiya Premer-ligasida bronza medali va mamlakat kubogi sohibi bo‘ldi. Uning shartnomasi 2026 yilning 30 iyunigacha amal qiladi. Transfermarkt portali esa o‘zbek yulduzining bozor qiymatini 8 million yevroga baholagan.
Hozirgi kunda Abbosbek Fayzullayev uchun bir qator yangi transferlar, Yevropa klublarining qiziqishi va imkoniyatlari muhokama markazida. Ayni paytda u ta’tilda bo‘lib, yangi bosh murabbiy qo‘l ostidagi mashg‘ulotlarga hali qo‘shilmagan. Bu esa turli taxmin va mish-mishlarni yanada kuchaytirdi.
Bir narsa aniq: Fayzullayevning Yevropa maydonlariga yo‘l olishi nafaqat uning shaxsiy rivoji, balki o‘zbek futboli uchun ham yangi bosqich bo‘ladi. Uning har bir qadami millionlab muxlislar uchun iftixor va umid manbaidir.
Zamin.uz tahririyatidan:
Abbosbek Fayzullayev transferi atrofidagi muhokamalar va Yevropaning kuchli klublariga bo‘lgan qiziqish o‘zbek futbolining yangi avlodini jahonga tanitayotganining yorqin namunasidir. Uning oldida hali katta yo‘l va ko‘plab sinovlar bor. Biz esa uning har bir qadamini, yangi hayotiy bosqichini birga kuzatamiz! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar