
AQSHda bo‘lib o‘tayotgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati pley-off bosqichi “Manchester Siti” uchun kutilmaganda dramatik yakun topdi. Angliyaning yetakchi klubi Saudiyaning “Al-Hilol” klubiga qarshi juda kuchli va shiddatli bahsda maydonni mag‘lubiyat bilan tark etdi – hisob 3:4. Eng yomoni – manchesterliklar qo‘shimcha taymlarda imkoniyatni boy berdi.
Bu mag‘lubiyat nafaqat muxlislar, balki jamoa bosh murabbiyi Xosep Gvardiola uchun ham qo‘shimcha boshog‘riqka aylandi. Uchrashuvdan so‘ng bergan bayonotida asosiy xavotir Rodrining ahvoli ekanini ochiqcha bildirdi.
"Oltin to‘p" sohibi, jamoaning yuragi hisoblangan ispaniyalik yarim himoyachi Rodri o‘tgan mavsumning katta qismini jarohat sababli o‘tkazib yuborgandi. Jon kuydirgich muxlislar uning maydonga qayta olishini intizorlik bilan kutgan, lekin “Al-Hilol”ga qarshi bellashuvda hammasini qayta boshdan kechirishga to‘g‘ri keldi.
Rodri 53-daqiqada o‘yinga zaxiradan qo‘shildi. Ammo kutilmaganda, qo‘shimcha taym boshida u yana maydonni tark etdi. Gvardiolaning aytishicha, futbolchi yana noqulaylik his qilgan va bu holat jiddiy e’tibor talab qiladi.
— Biz Rodrining ahvolini jiddiy ko‘rib chiqishimizga to‘g‘ri keladi. U yana azoblanayotganini aytdi. Unga to‘liq tiklanish uchun yana vaqt kerak bo‘ladi, — dedi murabbiy matbuot anjumanida.
Agar mazkur jarohat jiddiy bo‘lib chiqsa, “Manchester Siti” uchun bu yozdagi transfer strategiyasiga ham ta’sir qilishi mumkin. Rodrining o‘rnini bosadigan futbolchi juda kam, bu esa jamoa o‘yinidagi balansga putur yetkazishi aniq.
Aynan Rodri kabi o‘yinchilarning yo‘qligi jamoaning musobaqalardagi omadini ham hal qilishi mumkin. “Siti”ning keyingi rejalari nima bo‘lishi va Rodri qancha muddat tiklanishga muhtoj bo‘lishi esa yaqin kunlarda ma’lum bo‘ladi.
Muxlislar esa hozircha nima bo‘lganini anglashga va sevimli yarim himoyachining tezroq safga qaytishini kutishga majbur. Chunki Rodrisiz “Manchester Siti”ni tasavvur qilish juda qiyin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar