date

“Real” rahbarlari futbolchilarga shubha bilan qaray boshladimi?

“Real” rahbarlari futbolchilarga shubha bilan qaray boshladimi?
Madridning “Real” klubida jiddiy ichki muhokamalar boshlandi. Klub rahbariyati so‘nggi paytlarda ayrim futbolchilarda motivatsiya yetishmayotganini payqab, bu muammoni tag-tomiri bilan hal etishga kirishdi. Bu haqda Ispaniyaning “Marca” nashri xabar tarqatdi.

Xabarga ko‘ra, klub rahbarlari futbolchilardan jamoa oldidagi maqsadlari, shaxsiy rejalari va “qaymoqranglilar” safidagi faoliyati yuzasidan shaxsan suhbat o‘tkazmoqchi. Ular o‘yinchilarning ishga sadoqati, kuch va ruhiy tayyorgarligi borasida to‘liq aniqlik kiritishni maqsad qilgan.

Ayniqsa, Vinisius Juniorning so‘nggi kunlardagi kayfiyati rahbariyatni jiddiy o‘yga solmoqda. Uning jamoadagi mavqei, motivatsiyasi va kelajakdagi rejalari alohida muhokamaga sabab bo‘lgan.

Shu bilan birga, Rodrigo masalasida klub muayyan qarorga kelgan va uning transferi bo‘yicha turli variantlar ko‘rib chiqilyapti. Ya’ni, braziliyalik futbolchi jamoani tark etishi ehtimoldan xoli emas.

Qizig‘i shundaki, “Real”ning asosiy hujumchisi Kilian Mbappe ham xavotirga sabab bo‘lmoqda. Xabi Alonso jamoaga kelganidan buyon, har bir futbolchidan maydonda maksimal g‘ayrat va fidoyilik talab qilmoqda. Ammo, klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati yarim finalida PSJga qarshi o‘yinda “Real” futbolchilarida aynan shunday ruhiyat yetishmagandek ko‘rindi. O‘yin 0:4 hisobida madridliklarning yirik mag‘lubiyati bilan yakunlandi.

Mana shunday natijalardan keyin klub ichida ichki intizom va jamoaviy ruhni qayta tiklash muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Real” — faqat yulduzlar jamoasi emas, balki g‘alabalar uchun jon kuydiradigan jamoa ekanini isbotlashi kerak.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Real” rahbarlari futbolchilarga shubha bilan qaray boshladimi?