date

Modrich “Real” bilan yuksak tuyg‘ularda xayrlashdi

Modrich “Real” bilan yuksak tuyg‘ularda xayrlashdi
Madridning mashhur “Real” klubi bilan tarixga yozilgan safarini tugatgan Xorvatiya terma jamoasi sardori Luka Modrich klub va uning millionlab muxlislari bilan samimiy vidolashdi.

13 mavsum davomida “Los Blankos” safida yurakdan o‘ynagan yarim himoyachi jamoa bilan 28 ta turnirda zafar quchdi va "Real Madrid" tarixidagi eng sovrinli futbolchi sifatida rekordchiga aylandi.

— Bu so‘zlarni aytmoq men uchun oson emas. His-tuyg‘ularga boy, unutilmas, sharafli va yutuqlarga to‘la safar yakuniga yetdi. Madriddagi yillarim orzudagidek o‘tdi, har bir lahza qalbimda muhr bo‘lib qoladi, — dedi Modrich o‘z chiqishida.

Uning ta’kidlashicha, "Real" unga nafaqat professional futbolchi, balki inson sifatida ham ulkan rivojlanish imkoniyatini bergan.

— Men bu yerda inson sifatida o‘sdim. Madrid menga hayotimdagi eng muhim narsalardan birini — ikkinchi uyimni berdi. Endi Ispaniya va Madrid mening qalbimning bir bo‘lagidek. Albatta, vaqt o‘tib, barcha yutuqlarimning qiymatini chuqurroq anglayman, chunki bu yerdagi har bir his-tuyg‘uni tushunib yetish uchun vaqt kerak, — deya qayd etdi u.

Modrich o‘z so‘zlarida muxlislar mehri va qo‘llab-quvvatlovi uning hayotidagi eng katta boyliklaridan biri ekanini alohida urg‘uladi:

— Sovrinlardan tashqari, muxlislar muhabbati ham bor. Bu — sizdan hech kim olib qo‘ya olmaydigan tuyg‘u. Odamlarni alday olmaysiz — ular sizga chin yurakdan mehr ko‘rsatadi. Ular menga shunchaki “Real” futbolchisi bo‘lganim uchun emas, insoniy fazilatlarim uchun ham mehr berganiga ishonaman, — dedi xorvat yulduzi.

Eslatib o‘tamiz, Luka Modrich “Real Madrid”ga 2012 yilda Londonning “Tottenxem” jamoasidan kelib qo‘shilgan edi. Uning sahnadagi harakatlari, texnik mahorati va so‘nggi daqiqalargacha kurashishi millionlab muxlislar qalbidan joy olgan. Uning ketishi bilan butun bir davr yakun topdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Modrich “Real” bilan yuksak tuyg‘ularda xayrlashdi