
Rossiyaning mashhur futbol klubi SSKA yosh braziliyalik iqtidor egasi — Mateus Alvesni o‘z safiga qo‘shganini rasman ma’lum qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Malum qilinishicha, 20 yoshli yarim himoyachi bilan tuzilgan shartnoma 2030 yilning yozigacha amal qiladi. U "armiyachilar" jamoasida 7-raqamli libosda harakat qiladi. Bu raqam SSKA tarixida ko‘plab afsonaviy o‘yinchilar bilan bog‘liq bo‘lgan va endi ushbu raqamni Alves himoya qiladi.
Transfer narxi ham muxlislar va tahlilchilar e’tiborini tortdi — SSKA futbolchi uchun 6 million yevro to‘lagan. Shuningdek, kelishuvga ko‘ra, kelajakda Alves boshqa klubga sotilsa, "San-Paulu" klubi o‘sha summaning 25 foizini oladi. Bu holat futbolchiga bo‘lgan ishonch va undan katta daromad kutilayotganini ko‘rsatadi.
Alves — Braziliyaning taniqli klubi "San-Paulu" akademiyasi tarbiyalanuvchisi. U asosiy tarkibdagi ilk uchrashuvini joriy yilning yanvar oyida o‘tkazgan bo‘lib, qisqa fursat ichida asosiy jamoada o‘z o‘rniga ega bo‘lishga ulgurdi. 2025 yilgi mavsumda u barcha musobaqalarda jami 25ta uchrashuvda qatnashib, 4 ta gol urdi va 5 ta assist bilan jamoasiga yordam ko‘rsatdi.
Alves joriy haftada ijtimoiy tarmoqlarda "San-Paulu" bilan samimiy xayrlashuv postini joylashtirib, yangi bosqich sari yo‘l olishini bildirgan edi. Uning SSKAda qanday o‘yin namoyish etishi barcha uchun qiziq.
Eslatib o‘tamiz, SSKA 2024/25 mavsumda Rossiya Premer-Ligasida bronza medaliga sazovor bo‘lgan. Yangi mavsum oldidan jamoa o‘z safini yosh va kuchli futbolchilar bilan mustahkamlashni davom ettirmoqda.
Alvesning kelishi bilan SSKAning hujumkor salohiyati yanada oshishi kutilmoqda. Uning texnikasi, driblingi va maydondagi faol harakatlari rus muxlislarini o‘ziga qaratishi mumkin.
SSKAning bu transferi klubning kelajakka investitsiya sifatida qarayotganini ko‘rsatadi. Yangi mavsumda Mateus Alvesning harakatlari nafaqat Rossiyada, balki xalqaro sahnada ham muhokama markaziga aylanishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar