date

Yoaxim Lyov O‘zbekistonni boshqarishi mumkin — muzokara boshlanganmi?

Yoaxim Lyov O‘zbekistonni boshqarishi mumkin — muzokara boshlanganmi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixida ilk bor Jahon chempionati yo‘llanmasini oldindan qo‘lga kiritdi. Bu tarixiy yutuq ortidan esa yana bir sensatsion xabar butun futbol jamoatchiligining diqqat markazida turibdi — terma jamoamizni dunyo futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan mashhur mutaxassis Yoaxim Lyov boshqarishi mumkin, deb yozmoqda championat.asia.

Bu yangilik futbol muxlislarini befarq qoldirmadi. Sababi, Lyov ismi jahon futbolida ancha-muncha salmoqqa ega. U 2014 yil Germaniya terma jamoasi bilan Braziliyada o‘tkazilgan Jahon chempionatida bosh murabbiy sifatida g‘olib chiqqan. O‘sha yili u FIFA tomonidan dunyoning eng yaxshi murabbiyi deb e’tirof etilgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi va Lyov o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda. Hozircha rasmiy bayonot berilmagan bo‘lsa-da, bunday nufuzli mutaxassis bilan aloqa o‘rnatilganining o‘zi terma jamoamiz uchun katta so‘z.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Yoaxim Lyov 2021 yilda Germaniya terma jamoasidan ketganidan so‘ng hech qaysi jamoani boshqarmagan. Ortida qolgan tajriba, taktik yondoshuv va psixologik tayyorgarlik unga har qanday jamoada o‘z so‘zini aytish imkonini beradi.

Ayni paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasining bosh murabbiyi sifatida Timur Kapadze ish yuritmoqda. U Srechko Katanes ketganidan so‘ng vaqtinchalik sifatida jamoani qabul qilib olgan va jamoani Jahon chempionati final bosqichiga olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq u bilan tuzilgan shartnoma hali uzaytirilmagan.

Bu holatda Lyov bilan olib borilayotgan muzokaralar Kapadzega bo‘lgan ishonch pasaygani yoki yangi bosqich uchun yanada tajribali mutaxassis talab etilayotgani bilan izohlanishi mumkin.

Futbol muhitida fikrlar turlicha — kimdir Lyovning kelishi futbolimizni yangi pog‘onaga ko‘tarishini ta’kidlasa, boshqalar Kapadzega hali to‘liq imkoniyat berish kerakligini aytishmoqda.

Ehtimol, yaqin kunlarda O‘FA tomonidan rasmiy bayonot berilishi kutiladi. Har holda, Jahon chempionatiga tayyorgarlikning jiddiy va mas’uliyatli bosqichi boshlanmoqda. Va aynan shunday pallada Lyov kabi mutaxassisning jamoaga qo‘shilishi — orzu emas, balki haqiqatga aylanishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yoaxim Lyov O‘zbekistonni boshqarishi mumkin — muzokara boshlanganmi?