
Yevropa futbolida yana kutilmagan transfer yangiliklari: “Real Madrid” rahbariyati bu yozda jamoa maoshlar fondini qisqartirish va aktivlarni erkinlashtirish niyatida avstriyalik himoyachi David Alabani sotish haqida qaror qabul qildi, deb xabar berdi as.com. Klub uchun katta mablag‘ sarflanayotgan tajribali himoyachining kelajagi hozirda muhokamalar markazida.
Shu bilan birga, David Alabaning o‘zi klubni tark etishga hozircha rozi emas va amaldagi shartnomasi yakunlangunicha “Qirollik klubi” safida qolish niyati borligini bildirgan. Avstriyalik himoyachining madridliklar bilan tuzgan kelishuvi 2026 yilning 30 iyunigacha amal qiladi. Ta’kidlanishicha, Alaba kelasi yoz bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatigacha yuqori sport formasini tiklab olish maqsadida aynan “Real”da qolishni ixtiyor etmoqda.
33 yoshli futbolchi uchun so‘nggi mavsum murakkab kechdi: u iyun oyi oxirida og‘ir jarohat olgan va hozirda uning keyingi taqdiri reabilitatsiya jarayoni natijalariga bog‘liq bo‘lib turibdi. Klubda esa Alabani sotish orqali maoshlar yukini yengillashtirish va boshqa transferlarga yo‘l ochish maqsadi turibdi.
Malumotlarga ko‘ra, David Alaba nafaqat Ispaniyada, balki butun Yevropada eng ko‘p maosh oladigan ikkinchi himoyachi hisoblanadi. Madrid superklubida esa, faqat Kilian Mbappe va Vinisius Junior Daviddan ko‘p mablag‘ oladi. Ommaviy axborot vositalari yozishicha, Alabaning haftalik maoshi 415 ming yevroni tashkil qiladi.
Keyingi mavsumlarda Alabaning jamoaga yordami ancha kamaygan. Ketma-ket og‘ir jarohatlar va tiklanish jarayonlari tufayli o‘tgan mavsumda u atigi 14 ta uchrashuvda ishtirok etdi.
Futbol ekspertlari bu holatda klub va futbolchi uchun optimal yechim topish kerakligini ta’kidlashmoqda. Agar reabilitatsiya muvaffaqiyatli kechsa, Alaba “Real” safida yana o‘ziga xos o‘rin egallashi mumkin. Biroq, klubning moliyaviy siyosati va transfer strategiyasida katta o‘zgarishlar bo‘lishi ehtimoli yuqori. Muxlislar esa David Alabaning kelajagi borasidagi qarorni intiqlik bilan kutmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar