date

Pol Pogba: "Usmon Dembele bu yil Oltin to‘pni qo‘lga kiritishi kerak!"

Pol Pogba: "Usmon Dembele bu yil Oltin to‘pni qo‘lga kiritishi kerak!"
Yevropa futbolida mukofotlar mavsumi yaqinlashgani sari, muxlislar va ekspertlar orasida yilning eng kuchli futbolchisi — "Oltin to‘p" egasi kim bo‘ladi, degan savol yana kun tartibiga chiqdi. Bu safar esa, mashhur fransuz yarim himoyachisi Pol Pogba o‘zi singari yulduz futbolchilarni ortda qoldirib, “Pari Sen-Jermen”ning qanot hujumchisi Usmon Dembeleni favorit sifatida ko‘rsatdi.

Pogbadan “Oltin to‘p” uchun kurashdagi asosiy nomzodlar haqida so‘ralganda, u PSJdan Dembele, Ashraf Hakimi va Vitinyani, “Real”dan Kilian Mbappe hamda “Barselona”dan yosh iste’dod Lamin Yamalni sanab o‘tdi. Biroq, u Dembelening bu yilgi natijalari, muvaffaqiyatlari va katta finallardagi o‘yinlarini alohida ta’kidladi: “Usmon bu yil Chempionlar Ligasini qo‘lga kiritdi, jamoa uchun hal qiluvchi gollar urdi, eng muhim paytlarda o‘z so‘zini ayta oldi. Bunday mavsumdan keyin u shubhasiz, boshqa nomzodlardan bir qadam oldinda turibdi”, — deya qayd etdi Pogba.

“Agar Usmon Dembele bu yil "Oltin to‘p"ga ega chiqmasa, keyingi yillarda unga bu mukofotni qo‘lga kiritish juda qiyin bo‘ladi. Bu uning yili!” — deydi Pogba.

Uning fikricha, Dambele o‘zining yuqori darajadagi texnik mahorati, to‘p bilan faol harakati va jamoaviy o‘yindagi fidoiyligi bilan ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. Jamoadoshlar ham aynan unga suyandi va muhim finallarda natijani Usmon hal qildi.

Ekspertlar va muxlislar orasida ham Pogbaning bu fikri tezda muhokama mavzusi bo‘lib ulgurdi. Oldingi yillarda juda ko‘p nomzodlar orasida “Oltin to‘p” mukofoti doim kurashga boy bo‘lgan bo‘lsa, bu gal Dembelening ustunligi va natijalari jamoatchilikda katta ta’sir uyg‘otmoqda.

Endi esa barcha nazarlar Oltin to‘p marosimida: haqiqatan ham Usmon Dembele bu yilgi eng asosiy mukofotga ega chiqadimi yoki boshqa syurprizlar kutilyaptimi? Bu savolning javobini vaqt ko‘rsatadi. Ammo ayni paytda Pogba va millionlab muxlislar Oltin to‘p Dembelega topshirilishiga ishonch bildirmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Pol Pogba: "Usmon Dembele bu yil Oltin to‘pni qo‘lga kiritishi kerak!"