date

Vinisius 20 million talab qildi, “Real” endi o‘ylab ko‘radi

Vinisius 20 million talab qildi, “Real” endi o‘ylab ko‘radi
Madridning “Real” klubi va uning yulduz vingeri Vinisius Junior o‘rtasida navbatdagi shartnoma muzokaralari qizg‘in pallaga kirib bormoqda. Katta ehtimol bilan, tomonlar kelishuvni 2026 yilda qayta ko‘rib chiqadi. Bu vaqtgacha esa har ikki taraf o‘z taklif va talablarini aniqlab olishni istayapti.

Ilk ma’lumotlarga ko‘ra, Vinisius klub rahbariyatiga o‘zining maoshi soliq to‘langanidan keyin yiliga 20 million yevro bo‘lishini xohlayotganini bildirdi. Bu taklif futbolchining agenti orqali yetkazilgan, deb yozadi As nashri.

Hozirgi paytda braziliyalik vinger “Real” bilan 2022 yilda imzolangan shartnoma asosida harakat qilmoqda. Mazkur kelishuvga binoan u har mavsum o‘rtacha 15 million yevro maosh oladi. Ammo Vinisius o‘zining maydondagi o‘rni, jamoaga qo‘shayotgan hissasi va bozordagi umumiy holatni inobatga olgan holda, ko‘proq maosh talab qilmoqda.

Bu yerda e’tiborga molik jihat – “Real” klubining Mbappe bilan bo‘lgan kelishuvi. Fransuz futbolchisi rasman yiliga 15 million yevro maosh olishi aytilgan, biroq u klubga o‘tganida qo‘shimcha ravishda 40 million yevrolik bonus ham olgan. Bu summa “yashirin maosh” sifatida baholanmoqda.

Madrid klubi esa hozircha Vinisiusga bunday darajadagi kelishuvni taklif qilishga shoshilmayapti. “Qirollik klubi” futbolchilar o‘rtasidagi tenglik va ichki iyerarxiyani saqlashni ustuvor deb biladi.

Bir paytlar Vinisiusga 1 milliard yevro atrofidagi shartnoma taklif qilgan Saudiya Arabistoni klublari esa endi bozordan yo‘qolgan. Bu holat braziliyalik vingerning “Real” oldidagi tortishuv imkoniyatlarini qisqartirdi. Shu sabab, muzokaralardagi o‘zaro mavqe yana tenglashdi.

Yaqinlariga ko‘ra, Vinisius va “Real” o‘rtasidagi yangi shartnoma bo‘yicha muhokamalar 2026 yilda qaytadan boshlanadi. Ayni paytda esa u amaldagi shartnoma asosida 2027 yilgacha “Santyago Bernabeu”da to‘p surishda davom etadi.

Shubha yo‘qki, bu muzokaralar nafaqat “Real” uchun, balki klubning boshqa yulduzlari uchun ham muhim pretsedent bo‘ladi. Vinisiusning talablari va klubning reaksiyasi esa Yevropa transfer bozoridagi umumiy pul siyosatiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vinisius 20 million talab qildi, “Real” endi o‘ylab ko‘radi