"Manchester Siti" klubining tajribali bosh murabbiyi Xosep Gvardiola tarkibni yangilash, yoshlar bilan to‘ldirish va kelajak uchun kuchli asos yaratish maqsadida jiddiy islohotlarni amalga oshirmoqda. Uning rejalarida yosh avlod futbolchilarini jamoaga jalb qilish orqali yanada kuchli va raqobatbardosh tarkib shakllantirish turibdi.
Bu galgi avlodlar almashinuvi jarayoni barchani kutilmaganda, ya’ni 2025 yilning qishki transfer oynasida “Lans” jamoasidan o‘zbek futbolining yorqin namoyandalaridan biri bo‘lgan Abduqodir Husanovni olib kelish bilan boshlangani ajablanarli emas, deb xabar berdi El Nacional.
Ushbu transferdan so‘ng jamoa tarkibi tez fursat ichida yangi yuzlar bilan to‘ldirildi — “Palmeyras” klubidan Vitor Reys, Germaniyaning “Ayntraxt” jamoasidan Umar Marmush, shuningdek, Portugaliyaning “Portu” klubidan Niko Gonsales kabi iqtidorli futbolchilar jamoaga qo‘shildi.
Yozgi transfer oynasida esa Gvardiolaning transfer siyosati yanada faollashdi. Jamoa tarkibi “Milan”dan Tijani Reynders, “Vulverxempton”dan Rayan Ayt-Nuri, “Lion”dan Rayan Sherki, “Rusenborg”dan Sverre Nyupan va “Byornli”dan darvozabon Jeyms Trafford bilan boyitildi.
Ayni paytda “Siti” klubida skautlar guruhi sport direktori Ugo Viana rahbarligida uzluksiz ravishda jamoaga mos va kelajakda katta natijalarga erishishga qodir bo‘lgan yoshlar izlanishini davom ettirmoqda.
Shuningdek, Ispaniya nashrlarining ma’lum qilishicha, Gvardiola endi “Barselona” tarkibida porlayotgan, o‘z yurtining istiqbolli futbolchilaridan biri Fermin Lopesga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Xabarlarga qaraganda, “Manchester Siti” klubi uni qo‘lga kiritish uchun 60 million yevro miqdorida mablag‘ tayyorlab qo‘ygan.
Fermin Lopes hujumkor tarkibda turli pozitsiyalarda o‘ynay olishi, kutilmagan harakatlari va raqib jarima maydoniga faol kirish qobiliyati bilan Gvardiolaning diqqat markaziga tushgan. “Siti” mutaxassislari uning texnik va taktik jihatdan klub uslubiga juda mos ekanligini alohida ta’kidlashmoqda.
“Barselona” klubida esa Lopesning kelajagi hozircha aniq emas. U berilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan bo‘lsa-da, tarkibdagi yuqori raqobat tufayli asosiy tarkibda o‘z o‘rnini mustahkamlay olmayapti. Bu holat yosh futbolchi uchun katta muammoga aylanmoqda, ayniqsa jahon chempionati ostonasida muntazam o‘yin amaliyoti unga kerak bo‘ladi.
Ayni shu sababli, Lopes kelajagini o‘zini asosiy loyiha sifatida ko‘ruvchi grand jamoalarda ko‘radi. Buni ham futbolchi, ham uning agentlari yaxshi anglashmoqda.
E’tiborlisi shundaki, o‘zbekistonlik muxlislar uchun bu xabar yanada qiziq, chunki Abduqodir Husanov va Fermin Lopes o‘rtasida avval ham to‘qnashuv bo‘lgan — 2024 yilda Parijdagi Olimpiyada o‘yinlari doirasida O‘zbekiston va Ispaniya terma jamoalari o‘rtasidagi guruh bahsida. O‘shanda Husanov yosh ispaniyalik yarim himoyachini qiyin ahvolda qoldirgan, o‘yin davomida ular orasida tortishuv ham kuzatilgan.
Agar Gvardiolaning rejasi amalga oshsa, endi bu ikki yosh iste’dod bir jamoa safida – “Manchester Siti” tarkibida yelkadosh bo‘lib, yangi davrni boshlash imkoniga ega bo‘ladi.
Gvardiola “Barselona”da porlayotgan Fermin Lopesni ko‘zlamoqda
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar