Janubiy Koreyaning mashhur futbol yulduzi Son Xyon Min o‘zining London sayohatiga nuqta qo‘ydi. “Tottenxem Xotspur” tarkibidan “Los-Andjeles”ga yo‘l olgan Son ijtimoiy tarmoqlarda muxlislarga samimiy va to‘lqinli xayrlashuv maktubi yo‘lladi.
Son Xyon Minning aytishicha, so‘nggi kunlarda qanday so‘z topish haqida ko‘p o‘ylagan, ammo bu his-tuyg‘ularni to‘liq ifoda etishning iloji yo‘q. U “Tottenxem” safidagi o‘n yilni hayotidagi eng katta bosqichlardan biri sifatida e’tirof etdi: “2015 yil Londonga kelganimda men uchun barchasi yangilik edi, ingliz tilini bilmasdim, lekin sizlar – muxlislar, meni darrov o‘zingiznikidek qabul qilib, qiyin paytlarimda ham doim yonimda bo‘ldingiz. Men faqat orzu qilgan koreyalik yigit edim, endi esa London qalbimda abadiy iz qoldirdi.”
U o‘z faoliyati davomida do‘stlar topgani, jamoa sardoriga aylangani va hatto otalik baxtini tatigani, “Tottenxem”ga barcha bor kuchini bag‘ishlaganini e’tirof etdi. Shu bois, klub bilan xayrlashish unga juda og‘ir kechganini ta’kidladi.
Son Xyon Min o‘z so‘zida klubga va muxlislarga qalbidan chuqur minnatdorlik bildirdi: “Men ketganda faxr va sharaf bilan ketaman deb o‘ylardim. Ilk o‘yinim, Pushkash mukofoti, “Oltin butsa” — barchasi hayotimda yorqin iz qoldirdi. Biroq, Bilbaoda Liga Yevropa g‘alabasi – umrbod xotira. Bu lahza, bu g‘alaba – hayotimiz oxirigacha birga bo‘ladi.”
Yakunda futbolchi barchaga, jumladan klub xodimlari, ustozlar, jamoadoshlar va muxlislarga chin qalbidan minnatdorlik bildirdi. “Umid qilamanki, men sizlarni faxrlantira oldim”, — deya so‘zini yakunladi Son Xyon Min.
Sonning xayrlashuvi “Tottenxem” tarixida eng esda qolarli voqealardan biri bo‘ldi. Muxlislar esa uning yangi bosqichdagi muvaffaqiyatlarini intizorlik bilan kutmoqda.
Son Xyon Min “Tottenxem” bilan xayrlashdi: muxlislarga qalbdan so‘nggi minnatdorlik
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar