date

“Paxtakor-79” xotira o‘yini: maydonda afsonalar to‘qnashuvi

“Paxtakor-79” xotira o‘yini: maydonda afsonalar to‘qnashuvi

14 avgust kuni “Jar” stadioni tarixiy va ehtirosli futbol kechasiga guvoh bo‘ladi. Bu safar o‘yin “Paxtakor-79” jamoasi xotirasiga bag‘ishlanib, o‘zbek futboli afsonalari Rossiya terma jamoasi sobiq yulduzlariga qarshi maydonga tushadi.

Kecha “sherlar” matbuot xizmati katta qiziqish uyg‘otgan ushbu bahsda maydonga chiqadigan futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi.

O‘zbekiston sharafini Ignatiy Nesterov, G‘ulom Halimtoyev, Anvar G‘ofurov, Baxtiyor Ashurmatov, Abdumajid Toirov, Timur Kapadze, Server Jeparov, Odil Ahmedov, Mirjalol Qosimov, Azamat Abduraimov, Ravshan Ermatov, Ma’mur Ikromov, Sherzod Sharipov, Shuhrat Maqsudov, Hikmat Hoshimov, Shavkat Nasibullayev, Pavel Solomin, Kamoliddin Murzoyev, Odil Isaboyev, Bekzod Mamatqulov, Igor Shkvirin, Sobir Xodiyev, Murod Aliyev va Jafar Irismetov kabi mashhur va xalqqa yaxshi tanish nomlar himoya qiladi.

Rossiya safida esa Rinat Dasayev, Dmitriy Alenichev, Yegor Titov, Valeriy Shmarov, Sergey Kiryakov kabi SSSR va Rossiya futboli tarixida alohida o‘rin egallagan afsonalar maydonga tushishi kutilmoqda. Ular orasida Yevropa va jahon musobaqalarida qatnashib, sovrindor bo‘lgan, ko‘p yillik tajribaga ega yulduzlar bor. Masalan, Dasayev o‘z vaqtida dunyoning eng yaxshi darvozaboni sifatida e’tirof etilgan va “FIFA 100” ro‘yxatiga kiritilgan. Alenichev esa UYEFA Kubogi va Chempionlar Ligasi finallarida gol urgan kam sonli futbolchilardan.

Shu bilan birga, ro‘yxatda yuqori darajada o‘ynagan, ammo keng jamoatchilik orasida unchalik mashhur bo‘lmagan sobiq futbolchilar ham bor — masalan, Aleksandr Cherkes va Vitaliy Buliga. Qolganlar esa asosan ichki musobaqalarda faoliyat yuritgan, RPLda ko‘p o‘yin o‘tkazmagan yoki umuman professional darajada to‘p tepmaganlar ham mavjud.

Eng qiziqarlisi, Rossiya jamoasi tarkibida professional futbol tarixiga ega bo‘lmagan Oleg Devichenko ham bor — u Orlov viloyatidan bo‘lgan tadbirkor sifatida tanilgan.

Shubhasiz, Dasayev, Alenichev, Titov, Shmarov va Kiryakov kabi yulduzlar ishtirokidagi ushbu uchrashuv muxlislar uchun katta futbol bayramiga aylanadi. Bir maydonda turli avlod va tajribani namoyon etadigan futbolchilar to‘qnashuvi tomoshabinlarga ham zavq, ham xotiralar olib kelishi shubhasiz.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Paxtakor-79” xotira o‘yini: maydonda afsonalar to‘qnashuvi