date

Xitoydagi ilk olimpiadada robotlar bellashmoqda

Xitoydagi ilk olimpiadada robotlar bellashmoqda

Xitoyda tarixda ilk bor o‘tkazilayotgan gumanoid robotlar olimpiadasi qizg‘in tarzda start oldi. Unda 16 davlatdan kelgan yuzlab insonsimon robotlar futbol, yengil atletika, jang san’ati, stol tennisi va hatto raqs kabi turli yo‘nalishlarda o‘zaro mahorat sinashmoqda.

Tri kun davom etadigan mazkur nufuzli musobaqada jami 280 ta jamoa ishtirok etmoqda. Ular orasida AQSH, Germaniya, Braziliya kabi yirik davlatlar sharafini himoya qilayotgan robotlar bilan bir qatorda Xitoyning Unitree va Fourier kabi yetakchi kompaniyalarining ishlanmalari ham bor. 192 ta jamoa universitetlar, 88 ta jamoa esa xususiy korxonalar nomidan ishtirok etmoqda.

Sport — robot aqli va harakatini sinovdan o‘tkazish maydoni
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bu tadbirning asosiy maqsadi — zamonaviy robototexnikani amalda sinovdan o‘tkazish va yanada takomillashtirishdir. Sport bellashuvlari robotlarning qaror qabul qilish qobiliyati, harakatchanlik mahorati hamda boshqaruv tizimlarini baholashning eng samarali usuli sifatida qaralmoqda. Olingan tajribalar keyinchalik sanoat korxonalari yoki uy-maishiy sohalarda qo‘llanilishi mumkin.

Bellashuvlar doirasida robotlar faqat sport bilan cheklanib qolmay, dorilarni saralash, xomashyo va materiallarni qayta ishlash, turli xizmat ko‘rsatish vazifalarini ham bajarishmoqda. Bu esa ularning real hayotdagi qo‘llanish imkoniyatlarini namoyish etishga xizmat qiladi.

Xitoyning robototexnikaga yirik investitsiyasi
BBC yozishicha, Xitoyda robototexnika sohasining jadal rivojlanishi mamlakat aholisining qarishi va iqtisodiy o‘sish sur’atining pasayishi sharoitida amalga oshmoqda. O‘tgan yil davomida soha 20 milliard dollardan ziyod davlat subsidiyalariga ega bo‘ldi. Pekin hukumati esa sun’iy intellekt va robototexnika startaplarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir trillion yuan (137 milliard dollar) hajmidagi yirik jamg‘arma tashkil etish niyatida.

So‘nggi oylarda Xitoyda robototexnika bo‘yicha bir qator yirik tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, Pekinda dunyodagi ilk gumanoid robotlar marafoni, maxsus robotlar konferensiyasi va insonsimon robotlarga bag‘ishlangan chakana savdo do‘konlari ochilishi e’tibor qozondi.

Global gumanoid musobaqalari
Ma’lumot uchun, joriy yilning 29 avgusti — 2 sentyabr kunlari Olimpiya o‘yinlari vatani — Gretsiyaning Olimpiya shahrida Xalqaro gumanoid olimpiadasi ilk bor o‘tkaziladi.

O‘yinlardan kadrlar

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xitoydagi ilk olimpiadada robotlar bellashmoqda