Chechenistonda dunyoga kelgan va hozirda BAA sharafini himoya qilayotgan Hamzat Chimayev JAR vakili Drikus Dyu Plessis ustidan g‘alaba qozonib, o‘rta vazn toifasida (84 kg gacha) UFC chempioni unvonini qo‘lga kiritdi, deb yozmoqda Daily.afisha.
Bellashuv Chikagoda o‘tkazilgan UFC 319 turnirida bo‘lib o‘tdi. Besh raund davom etgan jang hakamlar qarori bilan bir ovozdan Chimayev foydasiga yakunlandi — 50-44, 50-44, 50-44.
“Juda ham xursandman. Dana Uaytdan (UFC prezidenti — tahr.) gonorarimni kutyapman. Jang uchun alohida taktika tayyorlamaganman. Faqat oldinga intildim va oxirigacha harakat qildim. Raqibim haqiqiy afrikalik sher, juda baquvvat jangchi. Uni hurmat qilaman”, — dedi Chimayev jurnalistlarga.
Ma’lumot uchun, Hamzat yoshligidan oilasi bilan Rossiyadan Shvetsiyaga ko‘chib o‘tgan. 2023 yil sentyabridan esa Shvetsiya o‘rniga BAA nomidan jang qilmoqda.
Umumiy hisobda, 31 yoshli sportchi MMAda 15 ta jang o‘tkazgan va ularning barchasida g‘olib chiqqan. U 2020 yildan buyon UFC oktagonida ishtirok etib kelmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!