O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev rasman Moskva CSKA klubidan Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” jamoasiga o‘tdi, deb Kursiv xabar berdi.
CSKA kommunikatsiyalar direktori Kirill Breydo ma’lum qilishicha, transfer uchun to‘lov shartnomada belgilanganidek klub hisobiga tushdi. Shundan so‘ng CSKA tomonidan transfer sertifikati zudlik bilan yuborilgan va kelishuv rasmiy ravishda yopilgan.
Breydo ushbu bitimni o‘zaro ishonch, kafolatlar va murosaga asoslangan noyob transfer sifatida baholadi. U “Istanbul Bashakshehir” klubiga va ProSports Management rahbari German Tkachenkoga minnatdorchilik bildirdi.
Fayzullayev CSKAda 2023-yil avgustidan beri to‘p surib kelayotgandi. U jamoa tarkibida 72 o‘yinda maydonga tushib, 8 ta gol va 22 ta golli uzatma amalga oshirdi. Jamoa bilan Rossiya Kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritdi hamda MIR RPL bronza medalini yutdi. Abbos Osiyoning yilning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!