Angliya Premer-ligasining eng kuchli himoyachilaridan biri sanalgan Ruben Diash endi yana bir necha mavsum davomida «Manchester Siti» sharafini himoya qiladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, portugaliyalik futbolchi o‘z jamoasi bilan shartnomani 2029 yil yozigacha uzaytirdi.
Avvalgi kelishuv 2027 yilga qadar amal qilishi kerak edi. Ammo klub rahbariyati ham, futbolchi o‘zi ham ikki yil oldinroq kelishuvni cho‘zishga qaror qildi. Bu holat uning jamoadagi qadri va murabbiy Pep Gvardiola ishonchi qay darajada yuqori ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Ma’lumki, Ruben Diash «Siti» safida 2020 yili to‘p surishni boshlagan. U o‘sha vaqtda Lissabonning «Benfika» klubidan 71,6 million yevro evaziga sotib olingandi. Shu muddat mobaynida u jamoa bilan katta yutuqlarga erishdi. Xususan, barcha uchun eng asosiy ko‘rsatkich – so‘nggi 5 yilda to‘rt marta Angliya chempioni bo‘ldi.
Diash nafaqat jamoa himoyasidagi asosiy to‘siq, balki jamoaning liderlaridan biri sifatida ham ko‘riladi. Uning turg‘unligi, o‘yindagi aql-zakovati va maydondagi qattiqqo‘lligi ko‘p marotaba mutaxassislar tomonidan alohida ta’kidlangan.
O‘tgan mavsum statistikasiga to‘xtalsak, futbolchi Premer-liga doirasida 27 ta bahsda ishtirok etdi. Shular davomida u raqiblarni ko‘p hollarda to‘xtatgan bo‘lsa-da, to‘rt marta sariq kartochka olishdan qocha olmadi.
Hozirgi kunda Portugaliya milliy jamoasi a’zosi sifatida ham u muhim rol o‘ynab kelmoqda. Jahon futbolida kuchli himoyachilar qatoridan o‘rin olgan Rubenning «Siti» bilan yana uzoq muddatli kelishuvi ko‘plab muxlislar tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi.
Muttaxassislar fikricha, Diash hali keyingi yillarda ham klubning asosiy ustuni bo‘lib qoladi va Premer-ligadagi g‘alabalarda hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin.
Ruben Diash «Siti» bilan uzoq muddatli kelishuvni imzoladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar