Rossiyada keng tanilgan professional bokschi Magomed Kurbanov atrofida shov-shuvli voqea ro‘y berdi. U antidoping qoidalarini buzgani sababli rasman uch yil muddatga sportdan chetlatildi. Bu haqda Rossiya Antidoping agentligi (RUSADA) o‘zining rasmiy veb-sayti orqali ma’lumot tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, bokschining namunalarida taqiqlangan moddalar – drostanolon va uning metaboliti topilgan. Ushbu anabolik steroidlar kuchni sun’iy ravishda oshiradi va doping vositalari qatoriga kiradi. Shuning uchun ham qoidabuzarlik jiddiy xisoblanib, qattiq jazo qo‘llanildi.
RUSADAning rasmiy bayonotida aytilishicha, 30 yoshli Kurbanov Butunrossiya antidoping qoidalarining 4.1 hamda 4.2-bandlarini buzgan. Diskvalifikatsiya qarori 2025-yil 1-avgustdan kuchga kirgan, biroq vaqtinchalik chetlatish muddati 2025-yil 24-iyuldan hisoblanadi.
Bu qaror bokschining sport faoliyatiga katta zarba berishi mumkin. Chunki Kurbanov o‘z karerasi davomida Rossiyaning birinchi o‘rta vazn toifasidagi eng kuchli sportchilaridan biri sifatida e’tirof etilgan edi. Shu paytga qadar u ringda 26 marta g‘alaba qozongan va faqat 2 bor mag‘lubiyat achchig‘ini totib ko‘rgan.
Kurbanovning nomi WBO International kamari bilan birga tilga olingan. U bu kamarni bir necha yil davomida muvaffaqiyat bilan himoya qilib kelgan va o‘z vazn toifasida Rossiya boksining simvoliga aylangandi. Eslatib o‘tamiz, Magomedning professional karerasidagi ilk mag‘lubiyatini o‘zbekistonlik bokschi Isroil Madrimov qarshi oldirgan edi.
Hozircha bokschining o‘zi yoki uning yaqinlaridan bu qarorga munosabat bildirilmadi. Ammo shubhasiz, uch yillik diskvalifikatsiya uning sport kelajagiga salmoqli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu tariqa, Rossiya boksining yirik vakillaridan biri jiddiy to‘siqqa duch keldi. Endi sport jamoatchiligi Kurbanovning kelgusi taqdiri va uning diskvalifikatsiyadan keyingi yo‘lini qiziqish bilan kuzatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar