CAFA Nations Cup’ning 2-turidan o‘rin olgan O‘mon – Qirg‘iziston bahsidan so‘ng O‘mon terma jamoasi bosh murabbiyi Karlush Keyrush jurnalistlar bilan suhbatda o‘yin haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.
— Birinchi bo‘lim biz uchun juda og‘ir kechdi. Maydon holati sababli o‘yinga to‘liq kirishib ketish qiyin bo‘ldi. Qirg‘iziston tarkibida jismoniy jihatdan kuchli, qomatdor futbolchilar ko‘p ekan. Shu bois bunday raqibga qarshi o‘ynaganda to‘p bilan tezkor va aniq harakat qilish talab etiladi. Birinchi bo‘limdagi barcha "duel"larni yutqazdik va raqibimiz gol urishga munosib o‘yin namoyish etdi. Ular hisobni ochishdi ham. Ammo 30-daqiqadan keyin o‘yin nazorati bizning qo‘limizga o‘tdi. Menimcha, g‘alabaga ko‘proq biz haqli edik, — dedi Keyrush bahsdan so‘ng.
Murabbiyga tarixiy savol ham berildi. Jurnalistlar 2012-yil JARda o‘tgan bahsni eslashdi, o‘shanda Keyrush boshchiligidagi Eron O‘zbekistonni so‘nggi daqiqadagi gol bilan mag‘lub etgan edi. Bugun ham O‘mon aynan oxirgi daqiqalardagi zarbalar orqali g‘alabani qo‘lga kiritdi.
— Bu bizning falsafamiz — hech qachon taslim bo‘lmaslik va har qanday vaziyatda oxirigacha kurashish. Futbolchilarimni maydonda so‘nggi daqiqagacha harakat qilishga majburlayman. Masalan, bugun 50-daqiqadan keyin yigitlar charchashdi, ammo ularni yanada faol o‘ynashga, hujum qilishda davom etishga undadim. Buning samarasini oxirida ko‘rdik. Mening futbolchilarim hech qachon taslim bo‘lishi mumkin emas. Rostini aytsam, bugun hisobni yanada yirikroq qilishimiz kerak edi, — dedi Keyrush.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!