Londonning mashhur “Arsenal” jamoasining sobiq yarim himoyachisi va Fransiya terma jamoasi safida 1998-yilda Jahon chempionligiga erishgan Emmanuel Peti klubning bugungi o‘yinlaridan hech qanday zavq olmayotganini ochiq bildirdi.
Uning fikricha, jamoa bosh murabbiyi, ispaniyalik Mikel Arteta joriy qilayotgan futbol uslubi o‘zida hech qanday shavq uyg‘otmayapti va tomoshaboplikdan yiroq.
– Men uch yil avvalgi “Arsenal” futbolini ko‘rishni xohlardim. O‘shanda Arteta jamoani ko‘proq hujumkor tarzda maydonga tushirar, to‘pni hujumchilarga tezkor yetkazishga intilishardi. Hozir esa ular to‘pni bir-biriga ortiqcha uzatishdan boshqa ish qilmayapti. Bu holat stol tennisini eslatadi va juda zerikarli ko‘rinish oldi, – dedi Peti intervyu chog‘ida.
Eslatib o‘tamiz, Emmanuel Peti “Arsenal” sharafini 1997-yildan 2000-yilgacha himoya qilgan. Uning jamoadagi faoliyati davomida londonliklar bir qator muhim sovrinlarni qo‘lga kiritgandi.
Petining bu tanqidi “Arsenal” muxlislari orasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar unga qo‘shilmoqda, boshqalar esa Arteta taktikasi hozirgi zamon talablariga javob berishini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!