date

"Siti"ning CHL qur’asi: Husanov, Madridga safar, asosiy maqsad...

"Siti"ning CHL qur’asi: Husanov, Madridga safar, asosiy maqsad...

«Manchester Siti» faqatgina Angliya Premer-ligasi va mamlakat ichki musobaqalarida emas, balki Yevropa Chempionlar ligasida ham bosh sovringa da’vogar jamoalar qatorida turadi.

Xosep Gvardiola oxirgi ikki transfer oynasida tarkibni deyarli o‘zi istagan mezonga yetkazdi, endilikda esa shogirdlarining kurashuvchanlik darajasi va barqarorligini muntazam oshirib borishi talab etiladi.

Yevropa Chempionlar ligasining yangi mavsumi uchun tashlangan qur’a «shaharliklar»ni umumiy bosqichda jiddiy raqiblar bilan ro‘baro‘ qildi. Bosh sovrin uchun kurashda manchesterliklar Italiya, Ispaniya, Germaniya, Turkiya va Norvegiya klublari bilan raqobatga kirishadi.

Raqiblar orasida — «Real», «Borussiya Dortmund», «Bayer» va «Napoli»ning borligi «Manchester Siti»ning yo‘lini yanada og‘irlashtiradi. Chunki ushbu jamoalarning har biri xuddi «shaharliklar»dek Chempionlar ligasida zafar quchishni asosiy maqsad sifatida belgilagan.

Shu bilan birga, «Vilyarreal», «Budyo-Glimt» va «Galatasaroy» kabi raqiblar ham istalgan paytda har qanday jamoaga kutilmagan syurpriz taqdim eta oladigan klublar sirasiga kiradi.

UYEFA qoidasiga muvofiq, umumiy guruh bosqichida ishtirok etayotgan 36 ta jamoaning har biri sakkiztadan uchrashuv o‘tkazadi: to‘rttasi o‘z uyida, yana to‘rttasi esa safarda.

Bosqich yakunlanganda jadvalning yuqori sakkiz pog‘onasiga joylashgan klublar to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 finalga chiqadi. 9–24-o‘rinlar egalari ikki o‘yinlik «o‘tish bosqichi»da qatnashadi va unda zafar quchgan sakkiz jamoa nimchorak finalga yo‘l oladi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan mavsum «Manchester Siti» xuddi shu bosqichda «Real»ga qarshi ikki o‘yin natijasiga ko‘ra musobaqani tark etgandi. 25–36-pog‘onada qolganlar esa CHLdagi yurishini shu yerda to‘xtatadi.

Quyidagi jadval orqali Gvardiola shogirdlarining uchrashuvlar joyi va vaqti bilan tanishing:

1-tur: «Manchester Siti» – «Napoli», 18-sentyabr

2-tur: «Monako» – «Manchester Siti», 1-oktyabr

3-tur: «Vilyarreal» – «Manchester Siti», 21-oktyabr

4-tur: «Manchester Siti» – «Borussiya Dortmund», 5-noyabr

5-tur: «Manchester Siti» – «Bayer Leverkuzen», 25-noyabr

6-tur: «Real Madrid» – «Manchester Siti», 10-dekabr

7-tur: «Budyo-Glimt» – «Manchester Siti», 20-yanvar

8-tur: «Manchester Siti» – «Galatasaroy», 28-yanvar

Ushbu taqvimdan ko‘rinib turibdiki, «Manchester Siti» uchun eng mushkul sinov — Madriddagi uchrashuv. Oltinchi turdagi «Real» – «Siti» to‘qnashuvi qaysi bosqichda bo‘lishidan qat’i nazar CHLning markaziy bahsi sifatida talqin qilinishi odat tusiga kirgan.

Qolaversa, o‘tgan mavsum ham shu ikki jamoa ro‘para kelgandi. «Santyago Bernabeu»dagi javob uchrashuvida Abduqodir Husanovning madridliklar yulduzi Vinisius Juniorga qarshi o‘yinda ko‘rsatgan ishonchli himoyasi mutaxassislar tomonidan juda yuqori baholangan — braziliyalik yulduz o‘ng qanotda o‘zbek himoyachisining qattiq qarshiligi sabab samarali harakatlarini amalga oshira olmagani hanuz yodlarda.

Bundan tashqari, Husanov raqiblar ro‘yxatidan «Monako»ga qarshi o‘ynash tajribasiga ham ega: 21 yoshli markaziy himoyachi «Lans» tarkibida Fransiya chempionatida monakoliklarga qarshi maydonga tushgandi.

Qisqasi, qur’a murakkab, maqsad katta: «Siti» va Husanov uchun yirik sahnada har bir epizod, har bir standart va har bir safar o‘yini — finalga eltuvchi yo‘ldagi zarur qadamdir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Siti"ning CHL qur’asi: Husanov, Madridga safar, asosiy maqsad...