Joriy yilning 12-avgusti kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi qoshida faoliyat yurituvchi futbolchilarning maqomi va o‘tishlari bilan shug‘ullanuvchi qo‘mita navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazdi. Mazkur yig‘ilishda o‘z vaqtida «Paxtakor» akademiyasida tarbiyalangan bir qator futbolchilar masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zPFL matbuot xizmati rasman ma’lumot berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, muhokamada «Paxtakor» klubining sobiq shogirdlari — Otabek Boymurodov («Buxoro»), Shahzodbek Rahmatullayev («Qizilqum»), Abubakir Ashurov («Andijon»), Diyorbek To‘laboyev («Neftchi») va Muhriddin Fazliddinov («Xorazm») yuzasidan mashg‘ulot kompensatsiyasi bo‘yicha da’volar ko‘rib chiqilgan.
Qo‘mita qaroriga muvofiq, ushbu futbolchilar bilan birinchi marta professional shartnoma tuzgan klublar (qavs ichida ko‘rsatilgan) «Paxtakor» jamoasiga umumiy hisobda 432 million so‘m miqdorida to‘lov amalga oshirishi belgilandi.
Futbol Ligasi «Paxtakor» tomonidan o‘z akademiyasidan yetishib chiqqan futbolchilar orqali belgilangan tartibda kompensatsiya ishlab olish bo‘yicha olib borilgan tashabbuslarni yuqori baholadi. Shu bilan birga, boshqa klublarga ham murojaat qilindi: har bir jamoa o‘z akademiyasida o‘sib kelayotgan futbolchilarning hujjatlarini to‘g‘ri va o‘z vaqtida rasmiylashtirishi zarur. Chunki, agar tarbiyalanuvchi keyinchalik boshqa klub bilan ilk professional shartnomani imzolasa, tarbiyalagan klub kompensatsiya talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Bu qaror nafaqat «Paxtakor», balki butun milliy futbol tizimida akademiyalar faoliyatining ahamiyati va to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan ishlarning qanchalik muhim ekanini yana bir bor namoyon etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!