date

Aziz Turg‘unboyev: «Eron ustidan g‘alaba qozonish payti keldi»

Aziz Turg‘unboyev: «Eron ustidan g‘alaba qozonish payti keldi»

O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Aziz Turg‘unboyev Eron bilan final oldidan ommaviy axborot vositalariga intervyu berdi va o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoada kayfiyat yuqori, tayyorgarlik esa samarali o‘tmoqda.

«Biz jamoa sifatida finalga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Ruhiyat juda ham yaxshi. Oldimizda muhim vazifa turibdi – Eronni mag‘lub etib, avvalgi o‘yinlarda qolgan alamni chiqarish fursatimiz yetdi. Muxlislarimizga munosib g‘alaba baxsh etish niyatdamiz», – deya ta’kidladi Turg‘unboyev.

– O‘tgan bahsda gol urdingiz...

– O‘sha uchrashuv biz uchun juda samarali o‘tdi. Mashg‘ulotlar jarayonida ham ko‘proq gol urishga e’tibor qaratgandik. Maqsadimiz finalga chiqish edi va biz bu natijaga gollar hisobi bilan erishdik. Barcha hamyurtlarimizni g‘alaba bilan tabriklayman.

– «Paxtakor»da chap qanot himoyachisi sifatida ham o‘ynagansiz. Terma jamoada esa o‘ng qanotda harakat qilyapsiz. Mumkinki, Timur Kapadze sizni hujumchi sifatida ham qo‘llasin?

– «Paxtakor»da chap qanotda to‘p surishimga sabab – asosiy futbolchi jarohat olgani edi. Aslida men uchun eng qulay pozitsiya – hujum yoki yarim himoya chizig‘i.

– Siz uchun qaysi taktik qurilish afzal – uch himoyachimi yoki to‘rt?

– Bu masala murabbiy ixtiyorida. Lekin aytish mumkinki, har ikki tizimda ham yaxshi harakat qilyapmiz va o‘yinimizda samara ko‘rinayotganini aytsam mubolag‘a bo‘lmaydi.

– Jaloliddin Masharipov safda yo‘q. Jamoada ruhiy kayfiyatni kim ko‘tarmoqda?

– Jaloliddin Masharipov mashg‘ulotlarga shaxsan kelib, bizga qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatib turibdi. Shu bilan birga, Shomurodov va Fayzullayev bor. Hozir jamoada barchaning kayfiyati a’lo darajada, finalga to‘liq tayyormiz.

– Oxirgi o‘yinlarda Eron bilan ko‘p bor durang qayd etilyapti. Agar yana shunday bo‘lsa, penalti seriyasi uchun reja bormi?

– Albatta, bu borada tayyorgarlik bor. Lekin asosiy niyatimiz – o‘yinning asosiy vaqtidayoq raqibni yengib, g‘alabani ta’minlash.

Shu tariqa, Aziz Turg‘unboyevning qat’iy va ishonchli bayonotlari jamoaning ruhiyati yuqori ekanini ko‘rsatib turibdi. O‘zbekiston terma jamoasi ertangi final oldidan muxlislarni quvontiradigan natija ko‘rsatish niyatida.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Aziz Turg‘unboyev: «Eron ustidan g‘alaba qozonish payti keldi»