Xabaringiz bor, Angliyaning Liverpul shahrida World Boxing tashabbusi ostida ilk bor kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati bahslari bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu nufuzli musobaqa doirasida navbatdagi quvonchli xabar hamyurtimizdan keldi.
-57 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan bokschimiz Xumorabonu Mamajonova Chernogoriya vakili Boyana Goykovich bilan to‘qnash keldi. Jangning dastlabki raundlaridanoq Mamajonova ustunlikni qo‘lga kiritdi. Birinchi raunddayoq raqibini nokdaun holatiga tushirib, jang ssenariyini o‘z qo‘liga oldi.
Ko‘rsatilgan iroda va aniq zarbalar natijasida uchrashuv yakunida hakamlar bir ovozdan g‘alabani Mamajonova foydasiga qayd etishdi. Shu tariqa, hamyurtimiz katta ustunlik bilan keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tish joiz, chempionat doirasida yana bir vakilamiz — Aziza Zokirova ringga chiqishi kutilyapti. Uning navbatdagi raqibi Vengriya sportchisi Regina Lakos bo‘ladi.
O‘zbekiston boks maktabi vakillarining bunday yuksak natijalari muxlislar uchun yangi umid va quvonch uyg‘otmoqda. Xumorabonu Mamajonovaning g‘alabasi esa keyingi bosqichlarda ham shiddatli va qiziqarli bahslar bo‘lishidan darak bermoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!