date

Javohir Ummataliyev Liverpul ringini zabt etib jahon chempioni bo‘ldi!(video)

Javohir Ummataliyev Liverpul ringini zabt etib jahon chempioni bo‘ldi!(video)

Liverpul shahrida o‘tayotgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida vakillarimiz ishtirokidagi kunning ikkinchi final janglari ham tomoshaboplikka boy bo‘ldi.

-80 kilogramm vazn toifasida yurtimiz nomidan ringga chiqqan 20 yoshli iste’dodli bokschi Javohir Ummataliyev fransiyalik Yojerlen Sezarga qarshi to‘qnash keldi. Unga qarshi kechgan uch raundlik bellashuvda Ummataliyev aniq zarbalar va ishonchli harakatlari bilan to‘liq ustunlikni qo‘lga kiritdi.

Hakamlar bir ovozdan jangni 5:0 hisobida o‘zbek bokschisi foydasiga baholadilar. Shu tariqa Javohir Ummataliyev o‘zining yosh bo‘lishiga qaramay, jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritdi va bokschilarimiz qatorida yana bir yorqin yutuqqa erishdi.

Mazkur g‘alaba natijasida O‘zbekiston delegatsiyasining umumiy oltin medallari soni uchtaga yetdi. Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Fazliddin Erkinboyev yurtimizga dastlabki oltin medalni taqdim etgan bo‘lsa, bugun Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev ikkinchi oltinni qo‘lga kiritgan edi. Shuningdek, ayollar bahslarida terma jamoamiz sportchilari uchta bronza medalini ham yutib berishgan.

14 sentyabr kuni bo‘lib o‘tayotgan final kunlari hali yakunlanmadi. Hozirgi vaqtda yana bir nechta vakillarimiz oltin medal uchun ringga chiqishadi: To‘rabek Habibullayev Braziliya vakiliga qarshi, Navbahor Hamidova Qozog‘iston sportchisiga qarshi, Abdumalik Xalokov yana bir braziliyalik bokschiga qarshi, Akmaljon Isroilov Angliya vakiliga qarshi va Jahongir Zokirov esa qo‘shni Qozog‘iston sportchisiga qarshi kurash olib boradi.

Yurtimiz muxlislari ulardan ham shiddatli va tantanali g‘alabalar kutishmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Javohir Ummataliyev Liverpul ringini zabt etib jahon chempioni bo‘ldi!(video)